Putin va Shols Kremlda muzokaralarni boshladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan muzokara o‘tkazmoqda. Ijtimoiy masofani saqlash uchun Putin Shols bilan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan suhbatlashgani kabi katta stolning ikki chetida o‘tirgan holda muzokaralar o‘tkazmoqda, deya xabar berdi Kommersant’.

Ochilish nutqida Rossiya prezidenti Germaniya kansleri bilan muzokaralarining salmoqli qismi Yevropadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga bag‘ishlanishini aytdi. U suhbatdoshining tegishli baholarini tinglashga qiziqish bildirgan.


Rossiya davlat Dumasi Donetsk va Lugansk respublikalarini tan olish qarorini ma’qulladi

Davlat Dumasi Rossiya Kommunistik partiyasining Donetsk va Lugansk respublikalarini (DNR va LNR) tan olish zarurligi to‘g‘risidagi Rossiya prezidentiga murojaati bo‘yicha qarorini ma’qulladi. Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin bu qarorni Ukraina Minsk kelishuvlariga rioya qilmayotgani bilan asosladi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi esa LNR va DNRning tan olinishini Rossiyaning Minsk kelishuvlaridan chiqishi sifatida ko‘rishlarini bildirdi — Kommersant’.

15 fevral kungi yig‘ilishda DXR va LXRni tan olish bo‘yicha ikkita loyiha bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tdi. Kommunistik partiya fraksiyasi bevosita Vladimir Putinga murojaat yuborishni taklif qildi. «Yagona Rossiya» partiyasi o‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan LNR va DNRni tan olish to‘g‘risidagi murojaatni birinchi navbatda Tashqi ishlar vazirligi va boshqa tuzilmalar maslahatlashuvlari uchun ko‘rib chiqishga yuborish kerakligini ta’kidladi.

Natijada davlat Dumasi deputatlari birinchi rezolyutsiyani qabul qildi. 351 deputat uni yoqlagan bo‘lsa, 16 deputat qarshi, bir nafari betaraf ovoz berdi. Volodin o‘zining Telegram-kanalida ta’kidlaganidek, deputatlar DXR va LXRning tan olishi «xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash va respublikalar aholisini tashqi tahdidlardan himoya qilish, shuningdek, xalqaro tinchlik va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash uchun asos yaratadi». Bu qaror ikkala respublikani xalqaro miqyosda tan olish jarayonini ham boshlab beradi, deydi spiker.


Ilon Mask 5,7 mlrd dollarga teng Tesla aksiyalarini xayriya qildi

Tesla bosh direktori Ilon Mask 2021 yilda o‘z kompaniyasining qiymati 5,74 mlrd dollarga teng bo‘lgan 5 mln dona aksiyasini xayriya qildi, deya xabar berdi Komersant’.

Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha kompaniya komissiyasiga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, dunyoning eng boy odami 19 noyabrdan 29 noyabrgacha elektromobil ishlab chiqaruvchi korxonaning 5 milliondan ortiq aksiyalarini xayriya qilgan.

Qayd etilishicha, bu tarixdagi eng katta xayriyalardan biri bo‘ldi. Hujjatlarda xayriya tashkilotining nomi ko‘rsatilmagan. Maskning xayriya uchun sarflangan ushbu pullari AQSh tarixidagi eng katta soliq to‘lovini kamaytirishga yordam berdi, deya yozadi Bloomberg.


Mashqlarni yakunlagan Rossiya harbiylari Qrimni tark etadi

Qrim yarim orolining qo‘shma qurolli poligonlarida rejalashtirilgan taktik o‘quv mashg‘ulotlari doirasida o‘z vazifalarini bajargan Rossiya Janubiy harbiy okrugi harbiy xizmatchilari mashg‘ulotlar yakunida Qrimdan doimiy joylashtirish punktlariga qaytishni boshladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Harbiy texnika va bo‘linmalarning haydovchilar tarkibi temir yo‘l orqali harbiy qismlarning doimiy joylashtiriladigan hududlariga, jumladan Dog‘iston va Shimoliy Osetiya respublikalariga yetkaziladi.

Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinida o‘tkazayotgan mashg‘ulotlari va bu hududlarda harbiy va texnikaning to‘planishi G‘arb davlatlarida Rossiya Federatsiyasining qo‘shni davlatga hujum qilishi mumkinligi borasida xavotir uyg‘otgan edi. Avval yozganimizdek, 30 dan ortiq davlat, jumladan, Yevropa Ittifoqining ko‘plab mamlakatlari o‘z fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirdi. Mamlakatning o‘zida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkin bo‘lgan kun deb hisoblangan 16 fevral «Birlik kuni» deb e’lon qilindi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari, xususan, «Vedomosti» tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning prezident Vladimir Putinga Yevropada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish zarur deb hisoblagan so‘zlarini ijobiy signal sifatida keltirdi.


Texas bosh prokurori Ken Pakston Facebook’ni sudga berdi

Texas bosh prokurori biometrik ma’lumotlar sohasidagi huquqbuzarliklar tufayli Meta kompaniyasi (Facebook egasi) ustidan sudga da’vo kiritdi, deb xabar beradi Deutsche Welle.

Prokuror Ken Pakstonning bayonotida ma’lum qilinishicha, millionlab texasliklarning biometrik ma’lumotlari ularning roziligisiz to‘plangan, bu esa Texas qonunlariga zid hisoblanadi.

«Facebook endilikda insonlarning xavfsizligi va farovonligi hisobiga foyda olish maqsadida odamlar hamda ularning farzandlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmaydi. Bu Big Tech`ning aldamchi biznes amaliyotlariga yana bir misoldir va ular to‘xtatilishi kerak. Men texasliklarning xavfsizligi va ma’lumotlarining maxfiy qolishi uchun kurashishda davom etaman», — deydi Pakston.

Qayd etilishicha, suratlarda paydo bo‘ladigan odamlarni avtomatik ravishda qayd etadigan yuzni tanish funksiyasi 2021 yil oxirida bekor qilingan. Biroq, prokurorning aytishicha, Facebook ijtimoiy tarmoq platformasiga yuklangan suratlar va videolardagi millionlab biometrik ma’lumotlarni saqlab qolgan. Meta kompaniyasi vakili ayblovlarda keltirilgan ma’lumotlarni asossiz deya ta’riflagan.