Dushanba kuni poytaxtdagi Kosmonavtlar maydonida Vladimir Janibekov haykali atrofidagi granit plitalari ko‘chirib tashlangani ma’lum bo‘ldi. Mazkur xabar va fotosuratlar «Gazeta.uz»da e’lon qilingandan so‘ng, Madaniy meros agentligi hududni demontaj ishlari ruxsatsiz boshlanganini aniqladi.

1984 yilda ochilgan «Koinot» yodgorligi (rasmiy nomi) monumental san’at yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan va (Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi qarori bilan) davlat muhofazasiga olingan.

Qonunchilikka muvofiq, madaniy va moddiy meros obektlarida qurilish, ta’mirlash va restavratsiya ishlarini faqat Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tasdiqlaganidan keyin amalga oshirishga ruxsat beriladi. Yuqoridagi holatda esa demontaj ishlariga bu kabi ruxsat olinmagan.

Madaniy meros agentligi xodimlari hodisa joyiga borgach, Toshkent shahar hokimligi tomonidan obektning atrofiga yotqizilgan marmar (burchatkalar)ni almashtirish rejalashtirilganini aniqladi. Yodgorlik buzilmagan, rekonstruksiya qilayotgan Mimar Group`ga esa ogohlantirish berilgan. Ish to‘xtatildi, deyiladi agentlik bayonotida.

Yakshanba kuni maydonning pastki qismidagi plitalar buzilgan bo‘lsa, dushanbaning ikkinchi yarmida bevosita yodgorlik oyog‘i ostiga yotqizilgan qora marmar plitalarni sindirishga ulgurishgan.

Toshkent shahri va Yakkasaroy tumani hokimliklari qurilish ishlari boshlanishi haqida hech qanday xabar e’lon qilmagan. Plitalar rekonstruksiya qilingandan keyin ham rasmiy izohlar berilmadi.

Kosmonavtlar maydoni silliq yuzasi tufayli rolik hamda skeytda uchuvchilar uchun sevimli joy hisoblanadi. Yakshanba kuni maydondagi ishchilarning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, bu yerda yashil hudud tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, ular eski plitalarning ahvoli yomon ekanini ta’kidlagan.

Qolaversa, avvalroq IIV binosining ro‘parasida joylashgan hudud devor bilan o‘ralgani sababli piyodalar yo‘l bo‘ylab harakatlanishga majbur bo‘layotgani haqida ham yozgan edik.

Mimar Group haqida

Mimar Group`ning veb-saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, xususiy qurilish kompaniyasi 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan — turar-joy massivlari qurilishidan tortib, ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlar qurilishigacha.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (KTYADR) ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2021 yilning iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan, asosiy faoliyat turi turar-joy binolarini qurish. Ta’sischilar Alisher Abdubasitovich G‘aniyev (57,9%) va Kozimbek O‘tkirovich Yaminov (42,1%), rahbar — Feruzbek Davronov hisoblanadi.

Kompaniya 71 gektar maydonda Tashkent INDEX savdo-ishlab chiqarish majmuasi qurilish loyihasini amalga oshirmoqda, shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» istirohat bog‘i qurilishida, poytaxtdagi «Shahidlar xotirasi» maydonini rekonstruksiya qilish ishlari, Chirchiq daryosi sohilidagi Olimpiya shaharchasi va boshqa loyihalarga jalb qilingan.