Adliya vazirligi tomonidan respublikadagi 9 758 ta davlat o‘rta ta’lim maktablaridagi kadrlar xizmati xodimlariga oylik maosh to‘lash amaliyoti o‘rganildi.

Vazirlik matbuot xizmati xabar berishicha, o‘rganishlar natijasida xodimlarning lavozim razryadlarini pasaytirib ko‘rsatish holatlari aniqlangan.

O‘rganish o‘tkazilgan maktablarda 9 787 ta kadrlar xizmati xodimlari shtat birliklari mavjud bo‘lib, ularda 9 937 nafar xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ushbu xodimlarning 911 nafari oliy ma’lumotli, 9 026 nafari oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan mutaxassislardir.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, oliy ma’lumotli xodimlarning lavozim razryadlari — 7-razryad, oliy ma’lumotli bo‘lmagan xodimlarning lavozim razryadlari — 6-razryad etib belgilangan.

Biroq o‘rganish davomida aksariyat tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan maktablardagi kadrlar bo‘limi xodimlarining mehnatga haq to‘lash bo‘yicha lavozim razryadlari past belgilangani aniqlandi.

Xususan, 160 ta holatda 2-razryad, 1 353 ta holatda 3-razryad, 48 ta holatda 4-razryad, 4 000 ta holatda 5-razryad, 4 160 ta holatda 6-razryad va 216 ta holatda 7-razryad etib belgilangan.

«Qonunchilik talablariga zid ravishda xodimlarning mehnatga haq to‘lash bo‘yicha lavozim razryadlari asossiz pasaytirilishi natijasida jami 16 mlrd so‘mga oylik maoshlar kam to‘langan», — deyiladi xabarda.

Qonunchilikka zid ravishda past razryad bo‘yicha ish haqi to‘lanish holatlari yuzasidan hududiy adliya organlari tomonidan 1 832 ta ta’sir choralari kiritilib, unga ko‘ra 6 038 ta xodimning lavozim razryadini muvofiqlashtirish so‘ralgan.

Hududiy adliya organlari tomonidan sudlarga tegishli da’vo arizalari kiritilib, kam hisoblangan oylik maoshlarini to‘latib berish choralari ko‘rilmoqda. Hozirgacha adliya bo‘limlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida 3 mlrd so‘m to‘lab berilgan.