Prezident saylovida O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvda maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta’minlash taklifini ilgari surgandi. XDP nomzodi Maqsuda Vorisova esa ushbu taklifni sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda bildirgandi.

Xalq ta’limi vazirligining xabar berishicha, 7 fevraldan boshlab Qoraqalpog‘iston va Xorazmda tajriba-sinov tariqasida keytring usulida bepul ovqat yetkazib berish boshlangan.

Foto: XTV matbuot xizmati.

Keytering xizmatini tashkil etish uchun 2022 yilda mahalliy budjetdan 200 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda 726 ta umumta’lim maktablarida jami 139 819 nafar hamda Xorazmda 549 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jami 136 383 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim tarbiya olmoqda.

«Keytering usulida ovqatlanishni tashkil etishda avvalambor bolalarni kunlik ratsionlarida talab qilinadigan 470−500 kkaloriyaga ega bo‘lgan ovqat, tabiiy sok va meva mahsulotlari bilan ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.


Bunda Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi barcha umumta’lim boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bir martalik ovqat yetkazib beriladi, o‘quvchilarni o‘z sinf xonalarida ovqatlanishi tashkil etiladi. «Bu bir tomondan maktabida oshxona yoki bufeti yo‘q maktablarga hamda olis hududdagi umumta’lim maktablariga boradigan o‘quvchilar uchun anchagina qulaylik yaratadi», — deyiladi vaziklik xabarida.

Ushbu tashabbusni o‘z vaqtida sifatli, xavfsiz va tezkor amalga oshirish maqsadida zarur quvvatlarga ega hamda katta xajmdagi mahsulotlarni qisqa muddatda ishlab chiqaruvchi, tayyor mahsulotlarni hududlarga muddatidan kechiktirmay yetkazib berish imkoniyati mavjud bo‘lgan yirik ishlab chiqaruvchi korxona tanlandi.

Keytering usulida bunday katta hajmdagi ishlarni tashkillashtirishda bolalarning ratsioniga mos va xavfsiz bo‘lgan mahsulotlarni tayyorlash, qadoqlash, saqlash hamda ularni sanitariya-gigiyena talablariga mos holda yetkazib berilishini ta’minlash o‘ta muhim sanaladi. Shu sababli, qisqa muddatda yo‘lga qo‘yilgan ushbu jarayon, yuqoridagi talablarga javob bera oladigan, katta quvvatga ega bo‘lgan korxona zimmasiga yuklatildi.

Davlat tomonidan tanlangan korxona 2021/2022 o‘quv yili yakunigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga yetkazib beradi, yangi 2022/2023 o‘quv yillari uchun tadbirkorlar o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi va yuqoridagi shartlar va talablarga javob beradigan korxonalar bolalarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, saylovoldi targ‘iboti davrida (sentabrda) «Gazeta.uz» Xalq ta’limi vazirligidan maktab o‘quvchilari soni haqida ma’lumot olib, nomzodlarning ushbu tashabbusi davlat budjetiga qanchaga tushishini hisoblab chiqqan edi.

2021 yil 20 sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston maktablarida 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan umumiy 6,24 mln o‘quvchi o‘qiydi. Ulardan 2,45 millioni boshlang‘ich sinf o‘quvchilari (1−4-sinflar) hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston maktablarida 1-sinfdan 11-sinfgacha bor -yo‘g‘i 354,6 ming o‘quvchi, shu jumladan 140,2 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qiydi. Agar 100 mlrd so‘mni boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining soniga bo‘lsak, unda har bir o‘quvchining ovqat narxi yiliga taxminan 713,2 ming so‘mni tashkil qiladi.

Agar ushbu ma’lumotlar 136,2 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qiyotgan Xorazm viloyati kesimida ko‘rib chiqilsa, unda har yili davlat budjetidan qariyb 97,14 mlrd so‘m ajratish kerak bo‘ladi. Bu miqdor har yili o‘quvchilar sonining ko‘payishi bilan ortadi.

Sirdaryo viloyatida 59 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bor, bepul ovqatlanish narxi 42,1 mlrd so‘mni tashkil qilishi mumkin.

«Gazeta.uz» hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha 1−4-sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik yiliga 1,74 trln so‘mni tashkil qilishi mumkin.