Farg‘onada diniy ekstremistik oqimlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan Sodiq Samarqandiy, Abu Saloh, Abdulloh Zufarlarning ma’ruzalarini tinglaganlik va tarqatganlikda gumonlangan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 24 yoshli R.Sh. o‘zining uyali telefonidagi Telegram messenjerida akkaunt yaratib, u orqali diniy mavzuga ixtisoslashgan kanallarga a’zo bo‘lgan.

So‘ngra ushbu kanallarda joylashtirilgan Sodiq Samarqandiy, Abu Saloh, Abdulloh Zufar va boshqalarning «jihod»ga chorlovchi ma’ruzalarini hamda «Turkiston islom harakati» terroristik tashkilotiga tegishli audio-video materiallarni yuklab olgani aytilmoqda. Shuningdek, bu audiolarni Qo‘qon shahrida yashovchi tanishlariga ham tarqatgan.

DXX xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda mazkur shaxs qo‘lga olinib, uning mobil telefoni protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga ko‘ra, «R.Sh.ning telefon apparati xotirasida saqlangan materiallar aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi».

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida uning maslakdoshlarini aniqlash bo‘yicha ham tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Avvalroq, jizzaxlik fuqaro Suriyadagi xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishni rejalashtirganlikda gumon qilinayotgani haqida yozgandik. U xorijdaligida «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkilotining g‘oyaviy ta’siriga tushib qolib, vatanga qaytgach, o‘ndan ortiq tengqurlariga tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilgani aytilmoqda. Fuqaro IIB va DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.