Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda yo‘l harakati qoidalari yangidan ishlab chiqilishi e’lon qilindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilar uchun jarima ballari tizimi joriy etiladi. Tezlikni oshirgan haydovchiga 1 ball, qizil chiroqda o‘tganga 3 ball hisoblanadi. Agar bir yilda qoidabuzarliklar jami 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Shuningdek, avtomobilni tartibsiz boshqarib, boshqa haydovchilarga xalaqit qilganlik uchun alohida yo‘l bezoriligi degan yangi javobgarlik turi kiritilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda haydovchilarning javobgarligini majburiy sug‘urta qilishda to‘lanadigan sug‘urta badalini jarima ballaridan kelib chiqib belgilash tartibi joriy etilishi belgilandi.

Shu bilan birga, Yo‘l harakati qoidalari ancha eskirgani, xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. «Qonunchilikka kiritiladigan hamma yangiliklar deputatlar, ekspertlar va jamoatchilik bilan bamaslahat ishlab chiqiladi», dedi prezident.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligi inspektori faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatish, ularni obro‘sizlantirish holatlari ko‘payayotganligini qayd etdi. Qonunlarni ko‘rib chiqishda bu masalaga ham alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Haydovchilarni tayyorlash, malakasini oshirish va ularni imtihon qilish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

«Yildan yilga avtotransport vositalari va haydovchilar soni ko‘paygani bilan ularning madaniyati, o‘zaro hurmat va bilim-tajribasi pasayib borayotgani ham ayni haqiqat», dedi davlat rahbari yig‘ilishda.

Avariyalarning 75 foizini 35 yoshgacha bo‘lganlar sodir etganligi, har yili 500 ming kishi haydovchilik guvohnomasini olsa, ulardan 25 foizi mashg‘ulotlarga qatnashmasligi aytildi.

«Qaysi hokim yoki ichki ishlar boshlig‘i biror marta avtomaktablarga borgan, ulardagi o‘qish jarayoni bilan qiziqqan? Umuman, Ta’lim inspeksiyasi avtomaktablar nazoratini eplay olmadi», dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda haydovchilikka o‘qitish va guvohnoma berish bo‘yicha yangi tizim yaratilishi qayd etildi:

  • Ichki ishlar vazirligi avtomaktablar va imtihon markazlariga talablarni qayta ko‘rib chiqadi, ularga litsenziyalarni o‘zi beradi;
  • Ichki ishlar akademiyasi avtomaktablarning metodologiyasi, o‘quv dasturi, o‘qituvchilarning malakasi va o‘qitish sifatini oshirishga javob beradi;
  • Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi va ularning reytingini yuritadi.

Ma’lumot uchun, 2018 yilning may oyida qabul qilingan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiyada haydovchilar uchun 12 ballik tizimni joriy etish, bir yil davomida jarimalari bilan 12 ball yig‘gan shaxsni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilishi aytilgan edi.