Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatining bir nechta amaldorlarini ishdan bo‘shatish bo‘yicha toshpiriq berdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

«Biz islohotlar qilyapmiz. Odamlar hayotini yaxshilash uchun qarorlar chiqarilyapti. Xalqimiz oldida, xalqaro hamjamiyat oldida ochiqlik, erkinlikni ta’minlash uchun harakatdamiz. Odamlarni rozi qilish haqida gapirib turganimda rahbarlarning o‘zini o‘ylab, nopok ishlar qilishiga yo‘l qo‘ymayman», — deya prezident so‘zlarini keltirdi bloger Aziza Qurbonova.

Yig‘ilishda prezident viloyatdagi tibbiy, ijtimoiy muammolar, bank-moliya tizimidagi kamomadlar, jinoyatchilikka oid raqamlar o‘sib borayotganini keskin tanqid qilganligi aytildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari viloyatdagi sektorlar va tegishli mutasaddilar juda sust ishlayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Samarqand tumani hokimi (N.Mavlonov), Nurobod tumani hokimi (F.Zairov), Oqdaryo tumani prokurori (D.Kubayev), Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, Urgut va Payariq tumanlari davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari hamda viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari G‘.Mamatqulov ishdan olindi.

Ularning ba’zilariga nisbatan to‘plangan, shu jumladan korrupsiya holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida jinoiy ish ochish masalasi o‘rganib chiqiladi.

Prezident yig‘ilishda banklarda korrupsiya evaziga kredit berish holatlari ko‘pligi hamda qaytarilmayotgan kreditlar hajmi yuqoriligini ham ta’kidlagan. Milliy bank, Xalq banki va Asaka bankdagi holatlar bo‘yicha jinoiy ish ochiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Markaziy bankning Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i O.To‘xtayevni ishdan olish bo‘yicha topshiriq berdi.