4 fevral kuni prezidentning «Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning har yilgi qishki ta’tili to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Hujjat bosh vazirning og‘zaki topshirig‘i asosida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqildi.

Hujjatga muvofiq, har yili dekabr oyining oxirgi o‘n kunligi va yanvar oyining birinchi o‘n kunligi oralig‘ida O‘zbekiston professsional ta’lim muassasalari o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talabalarining har yilgi ikki haftalik qishki ta’tilini o‘tkazish taklif etilmoqda.

Ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlariga o‘quvchi va talabalarga ta’til berish muddatini o‘zgartirish huquqi beriladi.

Transport vazirligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va «Uzbekistan airways» AJ qishki ta’til boshlanishidan 10 kun avvaldan boshlab chiptaning to‘liq qiymatidan 50 foizli chegirma to‘lovi asosida respublika ichida harakatlanuvchi tezyurar va yo‘lovchi (yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar va barcha yo‘lovchi poyezdlarning SV, VIP vagonlari bundan mustasno) poyezdlariga hamda mahalliy aviareyslarga chiptalar sotuvini tashkil etadi.

Temir va havo yo‘llardan tashqari o‘quvchi va talabalarning yo‘nalishli shaharlararo avtobus qatnovi orqali harakatlanishi uchun ham imtiyozli chiptalar taqdim etish mexanizmi joriy etiladi.

Farmon loyihasi bilan o‘quvchi va talabalarning qishki ta’tilda harakatlanish grafigini muvofiqlashtirish maqsadida yashash joyi respublikaning bir mintaqasida, ta’lim olish joyi esa boshqa mintaqada bo‘lgan o‘quvchi va talabalar haqida maxsus elektron platformasi (www.e-holiday.uz) yaratiladi.

Platforma faoliyati 2022 yil 1 mayga qadar to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Bunda mazkur platformaga shaxsni verifikatsiya qilish maqsadida Transport vazirligi ulanadi.

Farmon loyihasi doirasida taklif va muhokamalar 19 fevralga qadar qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021/2022 o‘quv yilida talabalar ob-havo yomonlashgani sabab qishki ta’tilga belgilangan (27 dekabr) sanadan avvalroq, 25 dekabrdan boshlab chiqqan edi.

Keyinchalik, OTMlar rahbariyati va professor-o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar o‘tkazilishi munosabati bilan talabalarning ta’tili 24 yanvarga qadar uzaytirildi. Shu bilan birga, qishki ta’til uzaytirilishi sabab OTMlarda o‘quv muddati o‘zgarmasligi ma’lum qilindi.

Fevralning ikkinchi kunida esa koronavirusga qarshi kurashish Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan OTMlarda o‘qish 24 fevralgacha bosqichma-bosqich ana’naviy shaklga o‘tkazilishi belgilandi.