Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi yetakchi inspektori pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabarlar tarqaldi.

4 fevral kuni Qurilish vazirligi mazkur holatga izoh berib, ushbu xodim 2020 yilning 29 aprelida ishga olingani, biroq qo‘lga olingan vaqtdan oldinroq, u ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi.

«28 yanvardan Xorazm viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining buyrug‘iga asosan R.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi o‘z ixtiyori bilan bekor qilingan. Qo‘lga olingan paytda R.R. ushbu lavozimda faoliyat yuritmayotgan bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

5 fevral kuni Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti esa Qurilish vazirligining mazkur xabarini inkor qilib chiqdi.

Xorazm viloyatining Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro F. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, Xorazm viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasida ishlovchi R.R. qarindoshi R. ning binosini foydalanishga qabul qilish haqidagi murojaati inspeksiya tomonidan ko‘rib chiqilib, natijasiga ko‘ra obyektni qabul qilish rad qilingan.

Shunga qaramasdan R.R. xizmat mavqeidan foydalanib, ushbu murojaatni ijobiy hal qilib berishi evaziga 1 000 AQSh dollari talab qilayotganini bildirgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ushbu murojaat hamda olingan tezkor ma’lumotlarga asosan 31 dekabr kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan. «Xorazm viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi yetakchi inspektori R.R. fuqaro R.dan o‘zi talab qilgan 1 000 AQSh dollarini Urganch shahri markazidagi savdo kompleksining avtoturargohida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davomida, fuqaro R.R. mazkur lavozimda rostdan ham ishlashini tasdiqlagan.

Gumondor inspeksiya tomonidan taqdim etilgan rasmiy hujjatlar, ma’lumotnoma, maxsus guvohnoma, tabel hamda tezkor tadbir jarayonida olingan videolavha orqali tasdiqlangan, deyiladi xabarda.


Departament shuningdek, R.R.ni mazkur lavozimda ishlashini tasdiqlovchi Xorazm viloyati QSHN inspeksiyasi boshlig‘ining 31 dekabrdagi ma’lumotnomasini, xodimning maxsus guvohnomasi hamda inspeksiyaning yanvar oyi uchun tabelini ilova qilgan.

«Hozirda, jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda», — deyiladi rasmiy munosabatda.