4 fevraldan boshlab Toshkent shahar IIBB YHXB Ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘lim-bo‘linmalarida haydovchilik guvohnomasini berish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni qabul qilish faoliyati to‘xtatiladi. Bu haqda YHXBB matbuot-xizmati xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, shu kundan boshlab Toshkent shahrida haydovchilik guvohnomasini olish yoki uni tiklash uchun imtihonlarni topshirish faqatgina Sirg‘ali tumanidagi Yagona imtihon markazi tomonidan amalga oshiriladi. Autodriver Study kompaniyasi tomonidan ochilgan Yagona imtihon markazi ochilishi haqida «Gazeta.uz» haqida yozgan edi.

YHXBB matbuot-xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, boshqa viloyatlarda xususiy imtihon markazlari ochilmagunga qadar imtihonlar hududiy YHXB RIBda olinadi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev 2022−2023 yillarda O‘zbekistonning barcha hududlarida haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha imtihon o‘tkaziladigan avtomatlashtirilgan imtihon markazlari qurilishi va o‘z faoliyatini boshlashini ma’lum qilgan edi.

Prezidentning 2020 yil 7 dekabrdagi qarori bilan 2021 yil 1 apreldan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berilgan edi.

Tadbirkorlarga zamonaviy avtodromlarni tashkil etish va ularni avtomatlashtirilgan maxsus transport vositalari bilan jihozlash, haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholashni inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish kabi majburiyatlar yuklangan edi.

Imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori tadbirkorlik subyekti tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi, imtihondan tushgan mablag‘lar to‘liq tadbirkorlik subyektida qoladi.

Qarorga asosan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 mayda (VMQ 272-son) «Avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun imtihonlarni o‘tkazish sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori tasdiqlandi.

Hujjatda xususiy kompaniyalar faoliyatini boshlagan hududlarda YHXB Ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘lim-bo‘linmalarida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlar olish to‘xtatilishi (korxonaning litsenziyasi amal qilishni boshlagan kundan) aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, 26 yanvar kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qilgan edi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning o‘zida yo‘llarda 2000ga yaqin inson halok bo‘lgan. Prezident haydovchilarni tayyorlash hamda imtihon tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi.