Rossiyalik trevel-bloger Maksim Limar 2 fevral kuni Buxorodan Novosibirskka uchayotgan vaqtda qo‘lga olingan — uning bagajida uchuvchisiz uchish qurilmasi — kvadrokopter aniqlangan. U bu haqda 3 fevral kuni o‘zining YouTube va Instagramdagi kanallarida xabar berdi.

«Bu yerda Buxoroning qanday go‘zal shaharligi tasvirlangan matn bo‘lishi kerak edi. Ammo Buxoro hozir men uchun qariyb qamoqqa aylandi», — deya boshlanadi xabar.

«O‘zbekiston qonuni bo‘yicha og‘irligi 250 g dan og‘ir dronlar majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Lekin mening kvadrokopterim 249 g vaznga ega va ushbu qonun ta’siriga tushmaydi. Bortida 249 g degan yozuv borligiga qaramay, kopterni mendan tortib olishdi, o‘zimni esa pasportimni olib qo‘ygan holda, shaharga qaytarib, uy qamog‘iga olishdi», — deb yozgan Maksim Limar.

O‘zbekiston hukumatining 2016 yil 31 avgustdagi qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar ro‘yxatdan o‘tkazmagan holda — og‘irligi 250 g dan oshmaydigan, parvozlarni avtonom boshqarish va navigatsiya funksiyasiga ega bo‘lmagan hamda video va foto apparatura bilan jihozlanmagan «o‘yinchoq» uchar apparatlardangina foydalanishlari mumkin.

«Mening maqomimni belgilashmadi, haq-huquqlarimni tushuntirishmadi, qo‘limga birorta hujjat berishmadi. Rus tilida yomon gapiradigan advokatni berib qo‘yishdi. Undan eshitgan bitta gap, unga pul to‘lashim kerakligi bo‘ldi, qolgan vaqt, ya’ni surishtiruv davomida u jim turdi», — degan Maksim Limar.

Rossiya elchixonasidan, blogerning o‘zining aytishicha, «O‘z muammoingni o‘zing hal qil», degan javobni olgan. Rossiya fuqarolari uchun shoshilinch aloqa uchun yo‘lga qo‘yilgan mobil telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilganida esa unga «ekspertiza o‘tib bo‘lganidan so‘ng bog‘laning» deya aytishgan.

3 fevral kuni Rossiya elchixonasi o‘zining Telegram-kanalida «ushbu holatni tezlikda hal etish va vatandoshni ortga qaytarish uchun M. V. Limar va O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot organlari bilan muntazam aloqada ekanliklari» haqida xabar e’lon qildi.

«M. V. Limar u tomonidan olib chiqib ketilayotgan dronning og‘irligi va o‘lchami xususiyatlarini aniqlashtirish bo‘yicha protsedura yakuniga yetguniga qadar uy qamog‘iga olingan», — deb qo‘shimcha qilgan elchixona.

Bloger 4 fevral kuni ertalab 09:00 holatiga vaziyat o‘zgarmaganligini, biroq Rossiya konsulligi u bilan aloqaga chiqqanligini ma’lum qildi.

Bloger bilan bog‘liq xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Davlat bojxona qo‘mitasining Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi 4 fevral kuni ertalab ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.

Boshqarma holatni tasdiqlab, dronni O‘zbekistonga olib kirish, saqlash va undan foydalanish taqiqlangan yoki taqiqlanmaganligini aniqlash yuzasidan tegishli ekspertiza tayinlanganini ma’lum qilgan.

«Yuqoridagi holatni rasmiylashtirish jarayonida xorijiy shaxs M.L.ga nisbatan hech qanday ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilmagan, amaldagi qonunchilik talablariga asosan o‘z huquqlaridan to‘laqonli foydalanishi ta’minlangan. Xususan, bojxona organi tomonidan fuqarolik pasporti olib qo‘yilmagan va unga nisbatan erkin yashashi uchun hech qanday cheklov o‘rnatilmagan», — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda 2015 yil 1 yanvardan boshlab uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirish, sotish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangan edi, Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida nazarda tutilgan holatlargina bundan mustasno. Dronlardan foydalanishga ruxsatni faqat davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari idoraga doir vazifalarni bajarish uchun olishlari mumkin.

2018 yilning yozida O‘zbekistondagi madaniy-tarixiy yodgorliklar, tabiat boyliklarini targ‘ib qilish maqsadida chet el ijodiy guruhlariga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqidagi foto va videomateriallarni tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlari, jumladan dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berildi. Yangi tartibda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishni xohlagan ijodiy guruhlar Davlat turizm qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» Milliy agentligiga ijodiy guruh va tasvirga olish joylari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda O‘zbekiston hududiga ularni vaqtincha olib kirish va foydalanishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilishlari lozimligi belgilangandi.