Toshkent shahri Yunusobod tumanida tag qismi betonlab tashlangan daraxtlar hududida 24 soat navbatchilik tashkil etiladigan bo‘ldi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

4 fevral kuni qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov voqea joyiga chiqib, holat bilan yaqindan tanishgan. Ekologiya, Ekopatrul va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida mazkur hududda navbatchilik tashkil etilib, 24 soat nazoratga olish vazifasi topshirilgan.

Ayni damda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgani aytilmoqda.


Jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan hodisa 3 fevral kuni ro‘y bergan edi. Yunusobod tumani Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi (Shahriston metro bekati) yonida joylashgan ko‘p qavatli uylar bilan avtomobil yo‘li orasidagi daraxtlarga uchinchi marotaba suiqasd uyushtirildi.

Tadbirkor soat 18:13 da beton aralashtiruvchi mashina va 15 ga yaqin ishchilar bilan kelib, daraxtlar tagini betonlab tashladi. Uning bu harakatlari videokuzatuv kameralariga tushib qolgan. Aholi murojaatiga ko‘ra, «Gazeta.uz» voqea joyiga yetib borib, videoreportaj tayyorladi.

Ekologlar aralashuvi bilan daraxt tagiga to‘kilgan qorishmalar Yunusobod tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan tozalab olingandi.