Prezident Shavkat Mirziyoyev «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat sharhi «O‘zbekiston 24»da efirga uzatildi.

Xususan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilariga milliy musiqa cholg‘ularidan kamida bittasini chala olish mahorati o‘rgatiladi hamda bu haqda ularning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari (shahodatnoma)ga tegishli qayd kiritiladi.

Musiqa fani o‘qituvchilarining milliy cholg‘ulardan kamida bittasini, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab esa kamida uchtasini chala olish mahoratiga ega bo‘lish majburiy hisoblanadi.

Ularga asosiy ish joyida ish haqini saqlab qolgan holda, musiqa fanidan dars o‘tish va to‘garak mashg‘ulotlarini olib borishga ruxsat beriladi. Musiqa darslarida «Hayotimga hamrohdir cholg‘u» shiori ostida «cholg‘u ijrochiligi» mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yiladi.

Maktablarni notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. 2022−2024-yillar davomida 10130 ta maktab, 323 ta bolalar musiqa maktabi, 826 ta madaniyat markazi 7 turdagi milliy cholg‘ular bilan 3 to‘plamdan ta’minlanadi. Buning uchun respublika va mahalliy budjetlardan teng ulushlarda jami 205 mlrd so‘m ajratiladi.

Shuningdek, o‘quvchilar uchun milliy musiqa cholg‘ulari, tasviriy va amaliy san’at, hunarmandchilik yo‘nalishlarida amaliy to‘garaklar tashkil etish uchun 2022 yilning o‘zida 92 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan cholg‘u asboblari, ovoz kuchaytirgich moslamalari, texnik jihozlar, chiroqlar, maxsus liboslar O‘zbekistonga olib kirilishiga 2025-yil 25-yanvargacha bojxona bojidan ozod etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida maktabni bitirgan bola kamida bitta kasb bilan birga bitta milliy cholg‘u asbobini chalishni bilishi shartligini aytib o‘tgan edi.