Prezident 2 fevral kuni «Intellektual mulk obyektlari to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni [O‘RQ-749-son] imzolandi. Bu haqdi Adliya vazirligi xabar berdi.

«Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, endi barcha yuridik yoki jismoniy shaxs o‘z nomiga tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Bunga qadar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan shaxslargagina ruxsat etilgan.

Tovar belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani to‘lash tartibi belgilangan.

Shunga ko‘ra, tovar belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki ular bilan adashtirib yuboradigan darajada o‘xshash bo‘lgan bir turdagi tovarlar uchun belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanish yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan (27 mln so‘m) 200 baravarigacha (54 mln so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, «Firma nomlari to‘g‘risida»gi qonunda firma nomlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani to‘lash tartibi mustahkamlandi. Qonunning 12−1-moddasiga ko‘ra, firma nomlaridan noqonuniy ravishda foydalanish BHMning 100 baravaridan (27 mln so‘m) 200 baravarigacha (54 mln so‘m) jarimaga tortishga sabab bo‘ladi.

Shu bilar birga, «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida»gi qonunga ham qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, Sanoat mulki obyektlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani to‘lash tartibi belgilandi.

Shunga asosan, tegishli patentlangan sanoat mulki obyektini o‘z ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish kabi harakatlarni sodir etgan yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan (27 mln so‘m) 200 baravarigacha (54 mln so‘m) jarima solinishi mumkin.

Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi bo‘yicha alohida belgilanadi. Jarima summasi miqdorining 70 foizi huquqbuzar tomonidan bir oy ichida ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini to‘lashdan ozod etiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran, qolaversa, faqat jarimalarga oid o‘zgartishlar hujjat matbuotda chiqqan kundan 3 oy o‘tib kuchga kiradi.