2 fevral kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi 926 nafar fuqaroda aniqlandi, deb xabar berdi SSV matbuot xizmati.

22 yanvar kuni qayd etilgan maksimal natijadan keyin ilk bor kunlik holat 1000 tadan kamaydi. Bundan bir kun oldin 1087 ta holatda virus yuqtirib olingani ma’lum qilingandi.

Chorshanba kuni eng ko‘p holat Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelmoqda — 431 ta, Toshkent viloyatida — 102 ta, Farg‘onada — 67 ta, Samarqandda — 51 ta, Qoraqalpog‘istonda — 47 ta. Qolgan hududlarda esa 46 tadan (Surxondaryo) 12 tagacha holat (Sirdaryo) qayd etilgan.


Kasallikdan sog‘ayganlar jami 210926 (+279) nafarga yetdi va sog‘ayish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, kun davomida 4 nafar bemor, umumiy hisobda esa 1575 kishi vafot etdi. Qolaversa, kecha 188 nafar kishida pnevmoniya aniqlandi.

Eslatib o‘tamiz, chorshanba kuni kechasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bog‘cha yoshidagi (3−6 yosh) bolalar o‘rtasida kasallanish, uy qaramog‘idagi shu yoshdagi bolalarga nisbatan (3−3,5 marta) kam uchrayotganini ma’lum qilgandi. Qolaversa, kasallikning yuqtirib olish manbai 35−43% holatda kasallangan oila a’zosi yoki qarindoshlari, 6−7% holatda bemor ko‘shnilari, 10−12% holatda jamoat joylaridagi muloqot va 4−5% holatda ish joyidagi muloqot ekani aytilgandi.

Shulardan kelib chiqib, Koronavirusga qarshi kurashish respublika Maxsus komissiyasi 7 fevraldan OTM, kollej, litsey va maktablarda ta’limni an’anaviy shaklga o‘tkazish haqida qaror qabul qildi. Shuningdek. xorij tajribasidan kelib chiqib, koronavirus yuqtirib olgan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarning karantin o‘tash muddati 14 kundan 7 kungacha qisqartirildi.