UzAuto Motors o‘zining Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillari uchun shartnomalarni qabul qilishni qayta tiklamadi, xolbuki kompaniya 1 fevraldan shartnomalar tuzishni rejalashtirgandi.

«Gazeta.uz»ning avtomobil sanoatidagi manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchi 25 yanvar kuni kuzatilgan keng qamrovli elektr energiyasidagi uzilishlardan so‘ng, muammolarga duch kelgan. Elektr uzilishlari gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga olib keldi, bu esa komponentlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning tizimli ishiga ham ta’sir ko‘rsatdi.

Buning yana bir sababi xaridorlar va olib sotarlarning navbati uzunligi aytilmoqda. UzAuto Motors mijozlarining ma’lumotlari bazasiga muvofiq, 2021 yilda kelgusidagi xaridlar uchun oldindan 40 mingdan ortiq shartnoma tuzilgan.

2020 yilda ishlab chiqarish hajmi yiliga 280 ming avtomobilni tashkil etgan, xarid uchun arizalar soni esa 240 ming atrofida bo‘lgan. Biroq, 2021 yil dekabr oyining o‘rtalarida to‘lovga layoqatli talab 325 mingdan oshib ketdi — yil boshidan yangi avtomobillar uchun aynan shuncha ariza ro‘yxatga olingan, bu paytda esa ishlab chiqarish hajmi 236,6 mingni tashkil qildi.

Olib sotarlar tufayli ortiqcha talab va korrupsiyaviy elementlar paydo bo‘lmoqda. Shu sababli ham kompaniya «yangi avtomobillarni qayta sotilishining oldini olish uchun vaqtinchalik choralar ko‘rishga» majbur, deya ta’kidladi manba.

UzAuto Motors aynan qachondan boshlab arizalarni qabul qilishni boshlashi hozircha noma’lum.

20 dekabr kuni kompaniya dunyoda yarimo‘tkazgichlar va logistik muammolar tufayli Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillarini sotish bo‘yicha yangi arizalar qabul qilishni to‘xtatgandi. Bu vaqt ichida kompaniya «avval berilgan buyurtmalar bo‘yicha avtomobillarni ishlab chiqarishni o‘zining ustuvor vazifasi» deb hisoblashini ma’lum qilgandi.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda UzAuto Motors 236,6 ming avtomobil ishlab chiqardi, bu 2020 yilga qaraganda 43,4 mingga (15,5%) kamroq. Birgina o‘tgan yilda 71082 ta Cobalt (-11%), 31466 ta — Nexia (+52,6%), 51061 ta — Gentra (+2%), 55068 ta — Damas (+6,5%), 9915 ta — Spark (-56,9%) va 17308 ta — Labo (+91,8%) ishlab chiqarilgan.

Xorijga 281,8 mln dollarlik 28952 ta avtomobil eksport qilingan, bu bir yil avvalga qaraganda 10,4 ming moshinaga ko‘proq demakdir.