3 fevral kuni Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshlaydi, deb xabar bermoqda Senat axborot-xizmati.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Jumladan, “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida"gi, “Favqulodda holat to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy Qonun qabul qilinganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqidagi va “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan ba’zi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar muhokama etiladi.

Shuningdek, “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonunlar ham kun tartibiga kiritilgan.

Bundan tashqari, senatorlar Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risidagi 167-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1988 yil 20 iyun) va MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qo‘yish bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimni (Minsk, 2021 yil 28 may) ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqadilar.

Yalpi majlisda 2017−2021 yillarga mo‘ljallagan Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti, bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi to‘g‘risidagi axboroti hamda adliya vazirining 2021 yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, mamlakatda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda Internet tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish masalalari ham muhokama qilinadi.

Senatorlar oqova suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof muhit hamda aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham ko‘rib chiqadilar.

Shu bilan birga, Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi masala yuzasidan Senat raisi birinchi o‘rinbosarining ma’ruzasi ham tinglanadi.