Yakshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev uchun o‘tkazilgan taqdimotda elektr ta’minoti tizimi quvvatlarini kengaytirish masalasi ham ko‘tarildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

25 yanvar kuni energetika tizimida texnik nosozlik yuz berib, mamlakatdagi barcha elektr stansiyalari ishlamay qoldi va favqulodda holat yuzaga keldi. Elektr uzilishi Qozog‘istonning janubi va butun Qirg‘izistonga ham ta’sir ko‘rsatdi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida bunga «bir qancha sabablar borligi» qayd etildi.

«Yagona energetika tizimi 220−500 kilovoltli magistral elektr tarmoqlar orqali to‘liq halqalashtirilmagan. Shimoli-G‘arbiy va Janubi-G‘arbiy energouzelning asosiy qismida 500 kilovoltli tarmoqlar yo‘q. Ba’zi magistral tarmoqlar qo‘shni davlatlar hududi orqali o‘tgan», — deyiladi xabarda.

Elektr uzatish liniyalarining uzunligi. «O‘zbekiston 24″ videosidan lavha.

Mavjud podstansiya hamda transformatorlar soni. «O‘zbekiston 24″ videosidan lavha.

Mamlakatdagi energetika tizimining barqarorligini ta’minlash uchun 500−750 kV kuchlanishli tarmoqlarni qurish orqali yagona halqa tizimini yaratish ko‘zda tutilgan. 2026 yilga kelib umumiy ishlab chiqarish quvvatini 27,4 ming MVtga, yillik ishlab chiqarish hajmini esa 110 mlrd kVt/soatga yetkazish rejalashtirilgan. Shunda yagona tizim yaratilishi bilan respublikaning barcha hududlari 500−750 kV kuchlanishli tarmoqlar orqali ishonchli tarzda ulanadi, deyiladi xabarda.


Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev, «O‘zbekgidroenergo» AJ raisi Abdug‘ani Sanginov va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ rahbari Dadajon Isoqulov. O‘zbekiston 24″ videosidan lavha.

Shavkat Mirziyoyev elektr energiyasi tizimini isloh qilish, qo‘shni davlatlar bilan sohadagi hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish zarurligini ta’kidlagan. Elektr energiyasi quvvatlarini oshirish hamda uni yetkazib berishni avtomatlashtirish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlashga ko‘rsatma berdi.

«Bundan asosiy maqsad elektr energiyasi tizimini barqaror qilib, xavfsizligini mustahkamlash, xalqimizni bu muhim manba bilan uzluksiz ta’minlashdir», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, bosh vazir raisligida tuzilgan hukumat komissiyasi avariya sabablarini o‘rganishni davom ettirmoqda.

Komissiya nosozlik sabablarini hozircha ochiqlamadi, biroq O‘zbekiston Energetika vazirligi vakili nosozlik Sirdaryo IESda yuz berganini ma’lum qildi: «Bunda 1600 MVtlik katta quvvat yo‘qolgan (IESning umumiy quvvati 3200 MVt — tahr.). Favqulodda vaziyatlardan himoya qilish [faollashtirish] natijasida butun respublika bo‘ylab ishlab chiqarish obyektlari tizimdan ajratildi».

Payshanba kuni qozog‘istonlik elektroenergetika bo‘yicha ekspert Petr Svoik «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida avariya Sirdaryo IESda sodir bo‘lgani haqida gapirgan edi. U, shuningdek, mintaqa energiya halqasi qanday tarkib topgani va inqiroz yana takrorlanishi mumkin yoki yo‘qligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

Qozog‘istonlik KEGOC elektr tarmoqlari operatori ham tizimdagi nosozlik sababi Sirdaryo IESdagi nosozliklar bo‘lganini ta’kidlagandi.