«Menimcha» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda 25 yanvar kunidan boshlab kuzatilgan energoinqiroz haqida fikr bildirdi. Ko‘rsatuv O‘zbekiston24 telekanalida efirga uzatildi.

«Kecha men nimaga birinchi bo‘lib OAVlarga chiqinglar, gapiringlar, aytinglar dedim. Hech nima yashirmaslik kerak, ofat keldi. Uni kim kutgandi?.. Odamlar sarosimaga tushib qolardi. Kecha biz juda katta informatsion xuruj qildik. Har bir daqiqani, metrodan qanchani olib chiqdik, tog‘dan qanchani olib keldik, moshinada qancha bo‘ldi, nechta svetofor o‘chdi, YPX xodimi qayerda turibdi, telefonni yoqib baqirdik. Baqirtirdim bularni (rahbarlar nazarda tutilmoqda — tahr.)», — dedi u.

Davlat rahbari 26 yanvar kuni odamlar ko‘rishi, sarosimaga tushmasligi uchun bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga piyoda yuringlar deb topshiriq berganini aytdi.

«Kechasi bilan hech kim uxlagani yo‘q. Nimaga uxlamadik? Bironta odamni yo‘qotmaylik deb harakat qildik», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, energotizim juda mukammal ekanligi, elektr hisoblagichni ochib, ulash bilan ish bitmasligini qayd etdi. «Juda katta xatar keldi. Bir kunda hamma narsani o‘chirib tashladi», — dedi prezident.

Qolaversa, u blekaut vaqtida ko‘proq nimadan qo‘rqqanini ma’lum qildi.

«Mening eng katta qo‘rqqanim [Sirdaryo IES] stansiya yonib ketmasin, dedim. 1982 yo 1983 yil Sirdaryoda oltita energoblok ham yonib ketgan. Hozirgidek avariya bo‘lgan. Agar shunaqa bo‘lganda, hozir nima qilardik? Bir odam o‘lmasin deb, har daqiqada Abdulla Nig‘matovichga [bosh vazir Abdulla Aripov] odamlar bilan gaplashing, ehtiyot bo‘laylik [dedim]. Kecha necha foizga oqardi sochimiz? Kechasi bilan necha marta gaplashdik?», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 25 yanvar kuni KEGOC boshqaruvi raisi o‘rinbosari Bakitxan Jazikbayev «Nastoyaeye vremya»ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi Sirdaryo IESda avariya yuz bergani, buni oqibatida stansiyaning 4ta energobloki ishdan chiqqanini aytgan edi. Bu Qozog‘iston energetika tizimidagi kuchlanishning oshishiga olib keldi.

26 yanvar kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Abdumalik Nazirov Sirdaryo IESda nosozlik yuz berganini tasdiqladi: «1600 MVtlik katta quvvat yo‘qotildi (IESning umumiy quvvati 3200 MVt — tahr.). Avariyaga qarshi himoyaning [ishga tushib ketishi] natijasida butun respublika bo‘ylab ishlab chiqarish obyektlari tizimdan uzib qo‘yildi.

Payshanba kuni qozog‘istonlik elektroenergetika bo‘yicha ekspert Petr Svoik «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida avariya Sirdaryo IESda sodir bo‘lgani haqida gapirgan edi. U, shuningdek, mintaqa energiya halqasi qanday tarkib topgani va inqiroz yana takrorlanishi mumkin yoki yo‘qligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

O‘zbekiston Energetika vazirligi juma kuni bosh vazir raisligidagi hukumat komissiyasi yuz bergan hodisa sabablarini o‘rganishda davom etayotganini xabar qildi. «Komissiya ishi natijalariga ko‘ra, ma’lumotlar rasman e’lon qilinadi», — deyiladi xabarda.

Juma kuni Qozog‘istonning KEGOC elektr tarmoqlari operatori mintaqa energiya tizimidagi uzilishlar O‘zbekistondagi Sirdaryo IESda sodir bo‘lgan qisqa tutashuv tufayli yuz berganini yana bir marta tasdiqladi.

Ma’lumot o‘rnida 25 yanvar kuni boshlangan energoinqiroz ortidan elektr energiya, ichimlik va issiq suv hamda gaz ta’minotidagi uzilishlar 28 yanvar kuniga kelib to‘liq qayta tiklandi.