28 yanvar kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilishini o‘tkazdi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga .

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi rahbari pandemiya sharoitida mavjud oltin-valyuta zaxiralari O‘zbekistonga qisqa vaqt ichida zarur resurslarni jalb etish va Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasini shakllantirishga katta yordam berganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatda uchta asosiy yo‘nalish: sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ish olib borish imkonini berdi.

«Inqiroz tabiatini hisobga olgan holda, pandemiya davrida jabrlangan oilalar va odamlar ro‘yxatini shakllantirish uchun qo‘lda, uyma-uy yurib harakat qilishimizga to‘g‘ri keldi. Bunga parallel ravishda biz qashshoqlikni qisqartirish bo‘yicha yangi dasturni amalga oshirish uchun fundamental institutsional asoslarni yaratish va mustahkamlash ustida ishladik», — dedi u.

Jamshid Qo‘chqorov 2020—2021 yillarda davlat budjetidan nafaqa oluvchi oilalar soni ikki barobarga oshgani va ularning ulushi qariyb 15 foizga yetganini aytdi. Bundan tashqari, kambag‘allik darajasini aniqlashning yangi mezoni — minimal iste’mol xarajatlari miqdori joriy etildi.

Bu esa, bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalarning eng kam darajasini qayta ko‘rib chiqish imkonini berdi. Masalan, 2021 yilda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun eng kam pensiya va nafaqalar, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga beriladigan nafaqalar miqdori 10−50 foizga oshirildi.

O‘zbekiston 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida 2026 yil oxirigacha mamlakatda kambag‘allik darajasini ikki baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Belgilangan maqsadlarga erishishning asosiy shartlari sifatida makroiqtisodiy barqarorlik va turg‘un iqtisodiy o‘sishni yuqori sur’atlarda ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 2030 yilga borib o‘rtacha daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kirish uchun zamin yaratadi.

Bundan tashqari, strategiyaga ko‘ra, ushbu maqsadga erishish uchun norasmiy ishlayotgan 2,5 mln fuqarolarning bandligini qonuniylashtirish, ularga ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to‘liq foydalanish imkoniyatini berish, xotin-qizlar o‘rtasidagi ishsizlikni ikki baravar qisqartirish, 700 ming nafar ishsiz ayollarni davlat hisobidan o‘qitish, nogironligi bo‘lgan odamlar bandligini 3 barobar oshirish, Ijtimoiy Kodeksni qabul qilish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Jamshid Qo‘chqorov kambag‘allikni qisqartirish sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun quyidagilarni taklif qildi:

  • SHHT mamlakatlari o‘rtasida qashshoqlikni qisqartirish sohasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, ushbu sohada doimiy tajriba almashish mexanizmini va kambag‘allikni qisqartirishning samarali usullarini joriy etish;
  • barcha SHHT mamlakatlari manfaatlariga javob beradigan qashshoqlikni qisqartirish bo‘yicha Doiraviy hujjatni ishlab chiqish va qabul qilish masalasini ko‘rib chiqish;
  • SHHT mamlakatlarida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mutaxassislar uchun seminarlar, mahorat darslari va treninglar tashkil etish.

Prezident Shavkat Mirziyoyev dekabr oyi oxirida 2022 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 20−25 foizga qisqartirish rejalashtirilgani haqida ma’lum qilgandi.

Yanvar oyi boshida minimal iste’mol xarajatlari miqdori oyiga 440 ming so‘mdan 498 ming so‘mga (kuniga 14,4 ming so‘mdan 16,3 ming so‘mga) oshirildi. Ushbu ko‘rsatkich mamlakatdagi qashshoqlik chegarasini aniqlash uchun ishlatiladi.