26 yanvarda Vazirlar Mahkamasining «Aviaspottingni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [43-son] qarori qabul qilindi. Hujjat 1 maydan boshlab O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarda aviaspotting — belgilangan tartibga asosan aeroportlarda havo kemalari harakatini hamda parvozini kuzatish, shuningdek, ularni professional va havaskorlar (aviaspotterlar) tomonidan foto, video tasvirga olishga ruxsat beradi.

Qarorda qayd etilishicha, hujjat «O‘zbekistonning ijobiy imiji, turistik salohiyati va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, mamlakat aeroportlari va aviakompaniyalarini dunyo jamoatchiligiga tanitish maqsadida» qabul qilingan.


Toshkent aeroportidagi birinchi rasmiy aviaspotting, 2021 yil 22 oktabr. Foto: Uzbekistan Airports.

Hujjatga muvofiq, respublikadagi barcha xalqaro aeroportlar hududida ularning boshqaruv shaklidan qat’i nazar, shuningdek, ularga tutash hududlarda parvozlar xavfsizligi talablari, Xalqaro aviatsiya tashkiloti (IKAO) tavsiyalari va ilg‘or xorijiy tajriba hisobga olingan holda, aviaspotting mashg‘ulotlari uchun ixtisoslashtirilgan joylar bosqichma-bosqich ajratiladi.

1 mayga qadar birinchi bosqichda — Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarida, 1 iyuldan boshlab — qolgan barcha aeroportlar hududida aviaspotting bilan shug‘ullanish uchun kuzatish maydonchalarini to‘liq faoliyat ko‘rsatishi kerak.

O‘tgan yilning 29 sentabrida «Gazeta.uz» aviaspotting nimaligi va odamlar nima uchun samolyotlarni suratga olishi haqida katta materilni e’lon qilgandi. O‘zbekistonning taniqli aviaspotterlari o‘zining ko‘p yillik mashg‘ulotlari haqida, qolaversa, ko‘plab davlatlarda professionallar va xavaskorlar samolyotlarni bemalol suratga olishi mumkinligi, O‘zbekistonda esa bu anuz taqiqlanib kelinayotganini so‘zlab berishgandi.

Oradan bir oydan kamroq vaqt o‘tib, 22 oktabr kuni Uzbekistan Airports Toshkent aeroportida birinchi rasmiy aviaspottingni tashkillashtirdi. Samolyot va vertolyotlarni suratga olish jarayonida 15 dan ortiq spotterlar va aviatsiya mavzusida yozuvchi bloggerlar qatnashdi. Uzbekistan Airports «Gazeta.uz»da e’lon qilingan materialdan keyingina spotting o‘tkazish g‘oyasi tug‘ilganini ma’lum qilgandi.


Foto: Uzbekistan Airports.

Uzbekistan Airports boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva: «O‘tgan yilning 22 oktabr kuni O‘zbekiston tarixidagi ilk rasmiy spottingni o‘tkazganimizda, uch oydan keyin aviatsiyaga mehr qo‘ygan insonlar uchun vaziyat bu qadar keskin o‘zgarishini tasavvur qilish qiyin edi. Agar ilgari aeroportdan kilometr uzoqlikda turib ham samolyotlarni suratga olish taqiqlangan bo‘lsa, endi aeroportlar eshiklarini ochib, do‘stona munosabatda bo‘ladi».

«O‘zbekistonda aviaspotterlarni yuqori darajada qo‘llab-quvvatlanayotganidan juda xursandman. Hamma mamlakatlarda ham qonunchilik bazasida bunday hujjatlar mavjud emas. Bu mamlakat imiji va turizmni rivojlantirish uchun juda katta qadamdir. Ushbu muhim hujjatni ishlab chiqishda Uzbekistan Airports kompaniyasi ham o‘z hissasini qo‘shganidan boshim ko‘kka etti. Endi bizning vazifamiz — boshqa idoralar bilan hukumat qarorida belgilangan barcha ishlarni birgalikda amalga oshirishdan iborat», — dedi u.

Hukumat qarori bilan 1 fevralga qadar aviaspotting bilan shug‘ullanish uchun kuzatish maydonchalarini va tegishli infratuzilmani tashkil qilish maqsadida xalqaro aeroportlarga tutash hududlar belgilanadi.

Kuzatuv maydonchalari aeroportlarning o‘z moliyaviy resurslari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar, ularga tutash hududlarda esa — xususiy sektor jalb qilingan holda mahalliy budjetlar mablag‘lari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Foto: Uzbekistan Airports.

Transport vazirligiga Turizm va sport vazirligi, IIV bilan birga aviaspotterlarni kuzatish maydonchalariga kiritish va ular tomonidan aeroportlar ichki tartibiga rioya etilishi regtamentini tasdiqlash, o‘ta muhim reyslar parvozlari vaqtida kuzatish maydonchalariga kiritishni kelishish, videokuzatuv tizimini tashkil qilish va unga xalqaro aeroportlar aviatsiya xavfsizligini ulash vazifasi topshirildi.

1 maydan boshlab xorijiy aviaspotterlar jalb qilingan holda mahalliy havaskorlar va professional spotterlar uchun har chorakda mavsumiy tanlovlar, shuningdek, har yilgi tanlovlar tashkil etiladi.

Tahririyatdan

«Gazeta.uz» 2016 yilning yanvaridan mahalliy aviakompaniya (hozirda Uzbekistan Airways) samolyotlarida suratga olish va video tavsirga tushirish taqiqlanganini eslatmasdan o‘tolmaydi. U bekor qilingani haqida haligacha xabar berilmadi.

Yo‘lovchilarga aeroport trapi, samolyot va infratuzilmasi fonida suratga olish taqiqlangan. O‘tgan yili yozda deputat Rasul Kusherbayev aeroportda «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning yo‘lovchi samolyoti fonida rasmga tushmoqchi bo‘lganida yo‘lovchilarga obyekt strategik ahamiyatga ega ekanligi sababli rasmga tushish mumkinmasligini bildirishgan. U mazkur tartibni «zamondan ortda qolgan, noprofessionallarning o‘ylab topgan yana bir kulgili taqiqi» deb atagandi.

Shunga qaramasdan, so‘nggi yillarda aerovokzallar hududida suratga olish taqiqlanmayapti. Uzbekistan Airports matbuot xizmati taqiq mavjud emasligini tasdiqladi. Yo‘lovchilar binoning ichki va tashqi qismida, qolaversa, terminal oynalaridan samolyotlarni bemalol suratga olishi mumkin. Tekshirish va nazorat qilish hududlari bundan mustasno.

O‘tagr yili aprelda prezident aeroportlarga, shuningdek, temir yo‘l va avtobus bekatlariga kirishni soddalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Biroq, kirish hanuz cheklanganicha qolmoqda.