26 yanvar, chorshanba kuni soat 18:00 ga qadar aholining issiq hamda sovuq suv ta’minoti to‘liq tiklanadi. Bu haqda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Qurbon Tursunov Xalqaro press-klub sessiyasida ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, kecha elektr energiyasiz o‘tgan kunda respublikada ishlab turgan 13500 ko‘p xonadonli uyga issiq suv yetkazib beradigan 501 ta qozonxona ishlashdan to‘xtagan. Bularning 224 tasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Qozonxonalar 25 yanvar kuni kechqurun soat 20:00 dan so‘ng bosqichma-bosqich ishga tushishni boshlagan.

«Issiqlik energiyasi sirkulyatsion yetkazib berilishi inobatga olinib, biz ertalab soat 04:00 gacha parametrga chiqdik. Hozirda Toshkent shahridagi barcha qozonxonalar ishlab turibdi. Avariya holati yuzaga kelgan 9030 ta ko‘p xonadonli uyning 9000 tasi issiq suv bilan ta’minlangan. Hozircha 1% xonadon issiq suvsiz turibdi. Kunning oxirigacha holatni o‘z joyiga qo‘yamiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiya tiklangandan so‘ng tizim o‘z faoliyatini tiklashi uchun yarim sutka vaqt kerak bo‘ldi.