“Gazeta.uz” kolumnisti iqtisodchi Behzod Hoshimov o‘zining “Iqtisodchi kundaligi” Telegram-kanalida aeroport qurilishidagi xatoliklar timsolida ancha oldin o‘ylab topilgan ba’zi yechimlar haligacha O‘zbekistonda qo‘llanilmayotganini qayd etdi. Quyida uning fikrlarini juz’iy tahrir bilan e’tiboringizga havola etamiz.

Texnologiyalarda ancha qolib ketganmiz. Bu narsani Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nganda bila olasiz.

Qo‘nishingiz bilan, sizni samolyotdan avtobus olib ketib, yangi qurilgan “kelishlar zali” terminaliga olib boradi. U binoni bir qiziq va dunyoda analogi yo‘q tomoni bor: avtobusdan chiqqaningizdan so‘ng, terminalga kirishingiz uchun zinadan ko‘tarilishingiz kerak. Ha, buni to‘g‘ri o‘qidingiz, eng yangi Toshkent aeroportidagi kelish zali terminalini qurishganida, bu binoni aeroport uchun, odamlar piyoda, qo‘lida narsalari bilan, balki, bolalar va kolyaskalar bilan kelishini mo‘ljallab qurishmagan.

Terminalga kirib, keyin chiqqaningizdan keyin ham, ya’ni shaharga chiqish yo‘lida ham, to‘g‘ri topdingiz, yana bir marta zinadan tushishingiz kerak. To‘g‘ri, g‘ildirakli aravalar uchun sharoit qilingan (yomg‘irda ozgina qiynalasiz xolos).

Bu voqeada eng qizig‘i, bu narsalar mavjud va bor eski zalni sharoitini to‘g‘rilash maqsadida qilingan choralar emas. Yangidan, noldan shunday noto‘g‘ri aeroport zalini qurishgan. O‘sha qurilgan aeroport zali haqida ko‘p o‘qigan bo‘lishingiz mumkin, masalan tomidan suv o‘tgani, yoki bagaj chiqishini uzoq kutish sababi deb bagaj lentasining motori yaxshi emasligini aeroport xodimlari sizga aytgan bo‘lishlari mumkin — ya’ni motor katta hajmdagi bagajlarni aylantira olmasligi haqida bagaj kutayotganingizda xodimlardan biri aytgan bo‘lishlari mumkin.

Lekin bu post aeroport haqida emas, texnologiyalar haqida.

Xo‘sh, Toshkent aeroporti quruvchilari, aeroportda zina bo‘lmasligi kerakligini unutishgan, yoki dunyo ko‘rishmagan va deylik aeroportda zina qilinmasligi kerakligini bilishmagan deya olmaymiz. Chunki buni bilish uchun, ta’lim olish yoki chetga chiqish ham shart emas, axir shundoq yonida, 50 yil oldin qurilgan, Toshkent xalqaro aeroportining “eski” — asosiy terminali bor.

Eski terminal qurilganiga keyingi yil ellik yil bo‘ladi. Hatto undan ham oldin, 1956-yilda qurilgan terminal ham mavjud edi, va hatto o‘sha yerda ham zina yo‘q edi. Yarim asr oldin Toshkent aeroportini asosiy terminalini qurgan odamlar to‘g‘ri qurishgan, aeroportda birorta zina yo‘q (Uchib ketish zali uchun yo‘l bu yil ochilganini hisobga olsak, bu texnologiya mo‘’jizasini biz endi ishlatmoqdamiz, lekin g‘oya bo‘yicha, birorta zinasiz yo‘lovchilar aeroport xizmatlaridan bahramand bo‘lishgan).

беҳзод хошимов, transport, shaharsozlik

Toshkent aeroporti 1980-yilda. Foto: V.Klepko Manba: calendulae.livejournal.com

Gapni qisqasi, tariximizda ishlatgan juda eski texnologiyalarni, masalan, zinasiz aeroportni biz hatto yigirma birinchi asrda qo‘llashni haliyam boshlamadik. Toshkent xalqaro aeroportining yangi kelish zali yoki ichki qatnovlar uchun qurilgan yangi aeroport binosi buning ramzi xolos. Ikkovi ham yap-yangi, lekin yonidagi 50 metr nariroqda, 50 yil oldin barpo qilingan binodagi texnologiyani ham ishlatmagan. Bilib turib voz kechilgandek.

Lekin bu aeroport qurilishdagi katta xatoni deb texnologiyalarni umumlashtirish mumkin emas deyishingiz mumkin, men esa umumlashtirishga harakat qilmoqchiman. Masalan, xuddi shunday misol, biz qachondir ishlatgan, lekin keyinchalik tushunarsiz sabablarga ko‘ra voz kechgan texnologiya — bu tramvay va ommaviy transport.

Bilasiz, butun dunyoda tramvaylar qaytmoqda, ommaviy va jamoat transportiga sarmoya kiritilmoqda, shahar ko‘chalari toraytirilib, tirbandlikka qarshi kurashish uchun mashinalar yurar qismi torroq qilinmoqda, piyodalar yuradigan qismi kengroq qilinmoqda. Shaharda turar joy parkovka pullik qilinmoqda, hatto ko‘pgina shaharlarga mashinada kirish uchun to‘lov olinmoqda. Iloji boricha avtomobil eksternaliyalarini (tashqi ta’sirlari) narxlash siyosati olib borilmoqda. Shahardagi estakada va ko‘priklar buzilib, parklar, hiyobonlarga aylantirilmoqda, avtomobil yurar qismi esa ancha tor ko‘chalarga aylantirilmoqda.

Biz bu tendensiyani teskarisini qilmoqdamiz. Shahar ko‘chalarini kengaytirib, parklarni quritmoqdamiz. Yashil zonalarni misli ko‘rilmagan templarda kesib, shaharni cho‘llashtirmoqdamiz. Tramvay qaytishi haqidagi mulohazada buni esladim. Ya’ni tramvay olinishi yaqqol xato edi, endi buni tuzatishga ancha pul va vaqt ketadi. Tramvayni yo‘qotish ham, uni qayta qo‘yish ham shahar aholisi hisobidan moliyalashtirilgan xatoni tuzatishga urinish. Xuddi ertaga aeroportga zinali terminal qurilishi kabi narsa — xatoligi birinchi kundan ayon. Lekin tuzatishga ancha vaqt va juda ko‘p pul ketadi.

Shu narsalar meni o‘ylantiradi, biz xuddi rivojlangan sivilizatsiyadan bir xil narsalarni meros qilib olganmiz va ularni qanday ishlatishni bilmagandek o‘zimizni tutyapmiz. Olov yoqishni bilmaydigan qabilalar traktorni ishlatishni bilmagandek, biz ham, texnologik progressda yarim asr orqaga qaytib olib, keyin yana bir asr quvib yetishga uringandek bo‘lyapmiz.

Aytmoqchimanki, bizga tramvay qaytsa, yoki deylik aeroportda normal terminal qachondir qurilsa, buni progress deya olishga haqlimizmi? Axir shartli 1975-yilda, bizda shunday normal terminal va ancha normal tramvay mavjud edi. Buni progress emas, xatolar ustida ishlash deb aytsak bo‘ladi. Masalan, keyingi 50 yilda, shaharda yashil maydonlarni 8 barobarga oshirsak (buni ehtimoli past, bilaman) shundagina 80-yillar oxiridagi progress darajasiga qaytamiz.

Menga achinarli ko‘rinishi, ko‘pgina sohalarda, ayniqsa shaharsozlik va jamoat joylarini reja qilishda biz ko‘p xatolarni endi qilyapmiz. Umidim borki, agar nasib bo‘lsa, 30 yilda, balki 50 yilda, o‘sha xatolarimizni to‘g‘irlashga musharraf bo‘lamiz. Hozircha, keyingi o‘n yilda tramvay qaytishi va aeroportda zinasiz terminal bo‘lishiga umid qilsak bo‘ladi.

Bu fikr menga qachondir rejalashtirilgan metro bekati ichida keldi. U joy hozir metro bekati bo‘lib ishlatilmaydi. Qandaydir syurrealizmga o‘xshatdim. Yarim asr oldin buni metro bekati deb qazishgan, lekin yarim asrdan keyin kelgan odamlar, o‘sha bekat bo‘lishi kerakligidan bexabar ishlatyaptilar. Kelajak texnologiyasini ko‘hna qabila qo‘lga kiritganidek o‘zlarini tutmoqdalar. Juda yomon analogiya uchun, uzrku, lekin qo‘l telefoni bilan yong‘oq chaqqandek menga tuyuldi. Xullas, bizga kelajakda xatolar ustidan ishlashimizga ko‘proq pul kerak bo‘lsa, kelajakka yetib olguncha ancha sabr kerak bo‘ladi.