Toshkent shahrida ishchi-xodimlarning koronavirusga qarshi emlanishi bo‘yicha 17 yanvar kuni 305 ta tadbirkorlik subyekti va 203 ta budjet tashkilotida tekshiruvlar o‘tkazilgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Natijada ishchi guruhlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarining 359 nafar, budjet tashkilotlarining 885 nafar xodimi vaksina olmagani aniqlangan.

Emlanmagan 1044 nafar xodim vaqtinchalik ishdan chetlatilgan, 200 nafariga jarimalar qo‘llanilgan. Shuningdek, 1 ta obyektning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Bundan tashqari, Milliy gvardiya tomonidan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan:

  • 65 ta bozor,
  • 31 ta istirohat bog‘i va xiyobonlar,
  • 46 ta ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan obyektlar,
  • 22 ta stadion va sport majmualari,
  • 6 ta yirik savdo markazi,
  • 131 ta jome masjidida fuqarolarga karantin qoidalariga rioya qilish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazilgan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi kunlarda poytaxtda koronavirusga chalinish holati keskin ortib, bemorlar soni 5600 nafarga yetgan.

Bugungi kunda bemorlarning 3297 nafari statsionar, 2216 nafari ambulator sharoitda davolanmoqda.

Statsionar sharoitda davolanayotganlarning 2935 nafarining ahvoli qoniqarli, 229 nafari og‘ir, 133 nafari o‘ta og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash va axborotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va tumanlarda hududiy shtablar tashkil etilgan.

Uyda davolanayotgan bemorlar va karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat va axborot berish uchun onlayn poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tumanlarda 157 ta mobil guruhlar faoliyati qayta tiklangan.