2021 yilning avgustida toliblar Kobulni qo‘lga kiritganidan so‘ng O‘zbekiston va Tojikistonga borib qolgan Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari samolyotlarini joylashtirish masalasi hamon ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda AQSh Pentagonining rasmiy vakili Jon Kirbi 18 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Gap Afg‘oniston harbiylari qo‘shni mamlakatlarga qochib o‘tgan samolyot va vertolyotlar haqida ketmoqda. O‘tgan hafta Afg‘oniston muvaqqat hukumati mudofaa vaziri v. b. Muhammad Yoqub aviatexnikalarni qaytarmasa O‘zbekiston va Tojikistonni «buning oqibatlari kutayotganidan» ogohlantirgan edi.

«Biz hozircha mazkur vertolyotlarni joylashtirish masalasi ustida ishlayapmiz… Menda ular bo‘yicha qanday yo‘l tutilishiga oid so‘nggi ma’lumotlar mavjud emas. Biroq, men ishonch bilan ayta olamanki, ular „Tolibon“ foydalanishi uchun Afg‘onistonga qaytarilmaydi», — dedi Jon Kirbi.

Yanvar oyi boshida «Tolibon» muvaqqat hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulla Samangoniy Toshkent va Dushanbe bilan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 14−15 avgust kunlari Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyoti va 24 ta vertolyoti O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgani haqida xabar berilgandi.