2022 yil 1 maydan boshlab yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat budjetidan Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hisobidan grantlar uchun jami 10 mlrd so‘m ajratiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni imzolagan «Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmonda aks etgan.

Hujjatga ko‘ra, har bir tashabbuskorga 50 mln so‘m miqdorida grantlar quyidagi maqsadlar uchun beriladi:

  • onlayn to‘lovlarni qabul qiluvchi zamonaviy veb-sayt yaratishga, xorijiy mamlakatlardagi turizm ko‘rgazma va yarmarkalarida ishtirok etishga yo‘naltiriladi;
  • grant mablag‘lari belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga uch yil davomida kamida 200 nafar xorijiy turistlar uchun tur tashkil qilish sharti bilan beriladi.

Farmon bilan bosh vazir o‘rinbosari — turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov 1 martga qadar yosh tadbirkorlarga grant ajratish tartibini tasdiqlash toprig‘i berildi.

Shuningdek, moliya vaziri Timur Ishmetovga 2022 yil 1 fevraldan 2023 yil 1 yanvarga qadar Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga har oyda 2,5 mlrd (jami 27,5 mlrd) so‘m miqdoridagi qo‘shimcha transfertlar Davlat budjetidan ajratilishini ta’minlash yuklatilgan.