Samarqand viloyatida «Bir million o‘zbek dasturchilari» tanlovining tuman bosqichi g‘olibiga ishlatilgan noutbuk berilgani tufayli Nurobod tuman hokimining o‘rinbosariga hayfsan jazosi qo‘llanildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Nurobod tumani matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan AKT bo‘yicha tanlovda g‘olib bo‘lgan yoshlarni taqdirlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganligi uchun Nurobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Navro‘zbek Jalaliddinovga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasi 1-bandiga (intizomiy jazolar) asosan «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Avvalroq, 8-sinf o‘quvchisi Sardor Sattorov mazkur tanlovda birinchi o‘rinni olgani uchun ishlatilgan noutbuk berilganini aytib, videomurojaat yo‘llagani haqida yozgandik. Bunga qadar, Nurobod tuman hokimligi munosabatida o‘quvchi tuman bosqichida birinchi o‘rinni olgani uchun telefon bilan taqdirlagani qayd etilgandi. Mazkur voqea yuzasidan XTV ham holatni o‘rganishni boshlaganini ma’lum qilgandi.