O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati joriy umra mavsumida ilk reysni 22 yanvar kuni Saudiya Arabistoniga uchirishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

«Shundan so‘ng, 25, 28 yanvar kunlari ham navbatdagi reyslar amalga oshiriladi. Kelgusida muborak safarga reyslarni sezilarli darajada oshirib boriladi, insha Alloh», — deyiladi xabarda.

Joriy umra mavsumida birinchi navbatda pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyi oxiriga qadar umra ziyorati uchun to‘lovlarni amalga oshirib, safarga bora olmagan fuqarolar yuboriladi.

Idora ma’lum qilishicha, 2020 yil fevral oyiga qadar umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to‘lovlarni amalga oshirganlar qo‘shimcha ravishda 4 mln 770 ming so‘m to‘laydi.

«Ushbu qo‘shimcha to‘lovni belgilashda, mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda o‘rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o‘rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarni ta’minlash, 15 foiz Saudiya QQS solig‘i kabi sarf-xarajatlar ham hisobga olingan. Shuningdek, Makka va Madina shaharlarida eng zamonaviy mehmonxonalar ziyoratchilarimizga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Mazkur to‘lovlarni amalga oshirishda ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida, «Aloqabank» ATning barcha filiallarida har kuni, hatto shanba va yakshanba kunlari ham Umra to‘lovlari qabul qilinadi.

Ta’kidlanishicha, umra safariga boruvchi fuqaro COVID-19`ga qarshi «Astra-Zeneca», «Moderna», «Pfizer» yoki «Jonson & Jonson» vaksinalari bilan to‘liq emlanib, sertifikatga ega bo‘lishi lozim. «Talab qilingan vaksinalarni emas, balki „Sputnik V“ va O‘zbekiston-Xitoy kabi vaksinalar bilan to‘liq emlangan fuqarolar yuqorida sanalgan vaksinalaridan biri bilan 1 marta emlanishi kifoya qiladi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotlariga muvofiq, Saudiya Arabistoni hududiga umra ziyorati uchun kirayotgan xorijlik fuqaro talab etilgan vaksinalar bilan emlangan bo‘lib, bu to‘g‘ridagi sertifikatga va 48 soatlik PSR testiga ega bo‘lishi, ziyoratchi o‘zi bilan 30 ta tibbiy niqob olishi (har 4 soatda almashtirish uchun) va Saudiya Arabistonida doimiy tibbiy niqobda yurishi va oraliq masofaga rioya qilinishi belgilangan.

Ta’kidlash kerakki, tibbiy niqob taqmaganlik uchun 300 AQSh dollari miqdorida jarima belgilagan. Ziyoratchilar umra safari yakunida ona-Vatanga qaytishdan avval o‘z hisoblaridan Makka shahridagi mehmonxonada PSR test topshirishlari kerak bo‘ladi, deyiladi xabarda.