Afg‘oniston muvaqqat hukumati mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid O‘zbekiston va Tojikistondan ushbu davlatlarga avvalroq olib chiqilgan harbiy samolyotlarni qaytarishni talab qildi. Bu haqda u seshanba kuni Kobulda o‘tkazilgan harbiy-havo kuchlari mashg‘ulotlar chog‘ida ma’lum qildi, deb xabar berdi TOLOnews.

Gap «Tolibon» hokimiyatga kelganidan keyin afg‘on harbiylari qo‘shni davlatlarga qochgan samolyot va vertolyotlar haqida ketmoqda.

Muhammad Yoqub agar davlatlar aviatsiya texnikalarini qaytarib bermasa, «oqibatlariga duch kelishlari» haqida ogohlantirdi. «Tojikiston yoki O‘zbekistonda turgan samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Biz ushbu samolyotlarning xorijda qolishiga yoki ushbu davlatlar tomonidan ishlatilishiga ruxsat bermaymiz», — dedi u.

Mamlakat Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, avvalgi hukumat qulaganidan keyin O‘zbekiston va Tojikistonga 40 dan ortiq vertolyot olib chiqilgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kuni Rossiyada ishlab chiqarilgan, texnik nosozliklar tufayli foydalanilmay qolgan bir qancha vertolyotlar ta’mirlanib, namoyish qilingan. «Kelajak havo kuchlarimiz hech qaysi davlatga bog‘liq bo‘lmaydi», — dedi mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi.

«Tolibon» vakili Afg‘oniston Islom Amirligi muxoliflarini ham muvaqqat hukumatga qo‘shilishga va kelishmovchiliklarni chetga surib qo‘yishga chaqirdi. «Keling, hukumatimizni qo‘llab-quvvatlang va unga qarshilik ko‘rsatmang», — dedi Muhammad Yoqub.

TOLOnews nashrining aniqlik kiritishicha, Afg‘onistonda avvalgi hukumat qulagunga qadar mamlakatda 164 ta jangovar samolyot bo‘lgan, hozirda ular soni 81 ta. Qolgan texnika boshqa davlatlarga olib chiqib ketilgan.

Yanvar oyi boshida «Tolibon» muvaqqat hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulla Samangoniy Toshkent va Dushanbe bilan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 14−15 avgust kunlari Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyoti va 24 ta vertolyoti O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgani haqida xabar berilgandi.