2019 yilgi Davlat dasturiga ko‘ra, o‘sha yilning iyun oyiga qadar hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritilishi lozim edi. Biroq, mana uch yildirki ushbu ustuvor vazifa hamon ijro qilinmay kelinmoqda.

«Gazeta.uz»ning aniqlashicha, hujjat tayyorlangan, Adliya vazirligi uni huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, o‘zining ijobiy xulosasini taqdim etgan. Biroq, hujjatning undan keyingi taqdiri noma’lum. Prezident Shavkat Mirziyoyevning qayta va qayta mazkur masala hal etilishi yuzasidan fikr bildirishiga qaramasdan, ustuvor vazifaning asosiy ikki ijrochisi — Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi o‘z vaqtida ijroni ta’minlamagan. Buning sababi esa noma’lum.

Hammasi nimadan boshlangandi?

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi [PF-5635-son] farmoni bilan tasdiqlangan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 28-bandida hokimning xalq deputatlari kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan edi.

Dasturga asosan 2019 yilning 1 martiga qadar hokimning kengash raisi maqomini bekor qilish bilan bog‘liq masalalar va shu bo‘yicha amaldagi qonunlarga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilgan edi.

2019 yilning 3 aprel kuni (muddat bir oyga kechikkan) Qonunchilik palatasi kengashi va Senat kengashining [2437-III-son] qo‘shma qarori qabul qilingan.

Mazkur hujjatga ko‘ra, viloyat, tuman, shahar hokimlarining xalq deputatlari kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.

Unga muvofiq, aprel-iyun oylari mobaynida qonun hujjatlarini inventarizatsiya qilish, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, mutaxassis va ekspertlar ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazib, takliflar ishlab chiqish belgilangan.

2019 yilning iyunida esa «Hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish va Qonunchilik palatasiga kiritish belgilangan.

Qo‘shma qarorning ijrosini nazorat qilish esa Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Sarvar Otamuratov hamda Senat raisining o‘rinbosari Svetlana Artikova zimmasiga yuklatilgan edi.

Bundan tashqari, viloyat, tuman, shahar hokimlarining xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish masalasini o‘rganish yuzasidan tuzilgan ishchi гuрuҳga Svetlana Artikova rahbar etib tayinlangan.

Hozirda ijro uchun mas’ul har ikki mansabdor ham boshqa ishda — Carvar Otamurodov 2019 yilning 22 mayidan boshlab «O‘zagrosug‘urta» kompaniyasi boshqaruv raisi, Svetlana Artikova esa 2019 yilning 7 noyabridan bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritishmoqda.

Davlat dasturlari ijrosini monitoring qiluvchi tashkilot — «Taraqqiyot strategiyasi» markazi matbuot xizmati xodimi ham hozirgacha mazkur band ijrosi ta’minlanmaganligini tasdiqladi.

«Gazeta.uz» Senat matbuot xizmatiga bir necha bor yuborilgan (23 dekabrdan) so‘roviga shu kunga qadar tegishli javob yoki biror bir izoh ololmadi.

Qonunchilik palatasi matbuot kotibi, deputat Navro‘z Rizayevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, palataga «kelib tushgan barcha qonun loyihalari kun tartibida ko‘rib chiqiladi».

«Siz so‘ragan masalada quyi palataga takliflar kelib tushmagan. Shu sababdan masala muhokama qilinmagan. Mahalliy hokimiyatlar faoliyatini muvofiqlashtirish qonunchilikka asosan bevosita Senat vakolatida ekanini ma’lum qilamiz», — dedi u.

«Gazeta.uz»ning hukumatdagi ishonchli manbasining aniqlik kiritishicha, Qonunchilik palatasining 2019 yil 14 майdagi xati bilan «Hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomi bekor qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Adliya vazirligiga ko‘rib chiqib, e’tiroz va takliflar bildirish uchun taqdim etilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 июнdagi xati bilan «Viloyat, tuman, shahar hokimlarining xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga taqdim etilgan.

Adliya vazirligi hukumat tomonidan taqdim etilgan qonun loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, loyihani qabul qilish maqsadga muvofiqligi haqida 2019 yil 19 июнda xulosa bergan.

«Gazeta.uz» manbasi hujjat ishlab chiqilgani, biroq noma’lum sabablarga ko‘ra, qabul qilinmaganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, amaliyotga ko‘ra, Harakatlar strategiyasi doirasida yo‘l xaritalariga belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi ta’minlanmasa, ular kelgusi yilgi Davlat dasturi yo‘l xaritasidan joy olishi lozim. Biroq, 2019 yilgi Davlat dasturining 28-bandi keyingi yillarga o‘tmagan.

Hattoki, «Yangi O‘zbekistonning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasi va yo‘l xaritasida ham bunga oid biror chora-tadbir qayd etilmagan.

«Kengash rahbari hokim bo‘lmaydi» — prezident

2021 yilning 18 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati faollari bilan uchrashuvda hokimlarni xalq saylashi va ular kelgusida kengash raisi bo‘lmasligini ta’kidlagandi.

«Biz joylardagi muammolarni hal qilish bo‘yicha deputatlar, tuman kengashlariga juda katta vakolatlar berganmiz. Shunday tizimga o‘tamizki, har bir kengash rahbari hokim bo‘lmaydi. Kengashga saylangan deputat unga rahbar bo‘ladi. Viloyat hokimi ham viloyat kengashining rahbari bo‘lmaydi. Ijro organi rahbari — tuman, shahar kengashlariga hisobot beruvchi. Bu tizimni ongimizga singdirmaganimiz uchun, odamlar o‘rgansin deb uni ushlab turibman», — degandi u.

Davlat rahbari o‘shanda «xalq joylardagi hokimiyat vakillaridan hisobot talab qilsa, vaziyat o‘zgaradi», deya qo‘shimcha qilgandi.

2021 yil 6 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida ham mazkur masalaga to‘xtalib o‘tdi.

«Necha marta biz buni gapiryamiz, lekin mana, besh yil tajriba orttirdik… Endi kengashning rahbari ijro organi rahbari bo‘lishi mumkin emasligini xalqimizning o‘zi aytyapti. Vaqt-soati keldi, qonuniy masalani ham joy-joyiga qo‘yamiz. Shunday qilib, demokratik yo‘nalishlardagi katta poydevorni yaratamiz. Agar shu poydevor bo‘lsa, ancha anchagina ijro organi rahbarlari ham xalq tomonidan jilovlanadi. Xalq deganim — deputatlar tomonidan, deputatlar deganim — xalq saylagan vakillar tomonidan», — degandi u.

Hokim fikri

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumani hokimi, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Jengis Yermashev «Gazeta.uz»ga ayni shu mavzuda ilmiy ish yozganini aytib, hokim kengashga hisobot berib, uni o‘z ma’qullasa bu xolislik tamoyiliga zid kelishini ta’kidladi.

«Bu mening ilmiy ishimning mavzusi. Hokim o‘z tumanidagi birinchi sektor rahbari hisoblanadi, bilasiz, sektor rahbari xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga tez-tez hisobot berib turadi. Ya’ni, deputatlar ma’qullashsa, sektor rahbarining hisoboti qabul qilinadi yoki rad etiladi. Shuning uchun, hozir ushbu masala yuqori turuvchi idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Tug‘ri, bu xolat mantiqiy jihatdan qaralsa, hokim sektor rahbari bo‘lib turib, kengashga hisobot topshirsa, yana uni o‘zi ma’qullasa, bu xolislik tamoyiliga zid kelishi mumkin, albatta. Shuni unutmasligimiz kerakki, biz davlat va jamiyat qurilishida taraqqiyot bosqichidamiz», — dedi u.

U hozirgi kunda davlat rahbari tashabbusi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan bog‘liq keng ko‘lamli islohotlar boshlanganini qayd etdi.

«Aytish joizki, bu masalalar parlament tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilmoqda. Masalan, bu kabi vaziyatlarda men birinchi sektor rahbari sifatida o‘zim hisobot topshiradigan kengash majlisida sektorlar qatorida pastda o‘tirib, neytral hisobot topshiraman, ya’ni o‘zim kengash raisi vazifasini amalga oshirmayman, demoqchiman. Bunda kengash raisi o‘rinbosari sessiyani boshqarishga haqli, shu kabi vaziyatlarda deputatlar orasidan boshqa shaxs kengashni boshqarishi nazarda tutilgan», — deydi tuman hokimi.