«Gazeta.uz» maktablarda qishki ta’til uzaytirilgani munosabati bilan aholi orasida tug‘ilayotgan ayrim masalalarga Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatidan izoh oldi.

Ta’til uzaytirilgani o‘qituvchilarning maoshiga ta’sir qiladimi?

Umumta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun beriladigan qo‘shimcha ta’til kunlari davomida xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog va boshqa xodimlarga amaldagi ish haqi to‘lovlari saqlangan holda to‘lab boriladi, ya’ni oylik maoshga ta’sir qilmaydi.

Qishki ta’tilning uzayishi tufayli yozgi ta’til kechroq boshlanadimi?

Maktablarda qishki ta’tilning uzaytirilishi yozgi ta’til vaqtining kechikishiga sabab bo‘lmaydi.

Qo‘shimcha ta’til davrda o‘tilishi kerak bo‘lgan darslar (mavzular) boshqa kundagi darslarga qo‘shib o‘tiladi. Bunda mavzular tig‘izlashtirilgan xolda o‘tiladi, bu buyicha maktablarga qo‘shimcha tavsiyalar beriladi.

Qishki ta’til kunlari ikki haftaga uzaytirilganligi sababli 3-chorak o‘quv kunlari 1−4-sinflarda 9 kun, 5−11-sinflarda 11 kunga qisqaradi. Shu munosabat bilan sinf jurnallariga 24 yanvardan boshlab taqvim-mavzu reja asosida tegishli mavzular qayd etiladi.

Fan o‘qituvchilari esa 11−22-yanvar kunlariga to‘g‘ri kelgan mavzularni o‘quv yilining 3-choragi davomida tig‘izlashtirib o‘tadi va tig‘izlashtirilgan mavzular sinf jurnallariga qayd etiladi.

Qishki ta’til vaqtida maktablarda to‘garaklar o‘tiladimi?

Ta’til kunlari tugagunga qadar o‘quvchilarni bevosita maktablarda tashkil etadigan to‘garaklar, shuningdek, «Barkamol avlod» bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklari va har qanday tadbirlarga jalb etish taqiqlanadi.

Ushbu vaqt davomida o‘qituvchilar maktabda xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan Milliy o‘quv dasturlari asosida malakalarini oshirish kurslarida qatnashishlari talab etiladi hamda onlayn ravishda turli to‘garaklar va tanlovlar tashkil etish tavsiya etiladi.

Shuningdek, 10 yanvardan boshlab Respublika miqyosida «Umid nihollari-2022» sport musobaqalarining tuman va shahar bosqichlarini o‘tkazish to‘xtatildi.

Vazirlik matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, 24 yanvarga qadar maktab o‘qituvchilari va pedagoglar bu vaqt ichida malaka oshirish ishlari bilan band bo‘ladi. O‘quvchilar esa ta’til davomida onlayn fan olimpiadalar, intellektual o‘yinlar, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bellashuvlar va turli tanlovlarda qatnashadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda OTM, kollej va litsey talabalari uchun qishki ta’til 24 yanvargacha uzaytirilgandi.

Avvaliga o‘quvchilar uchun ta’til vaqti o‘zgarmaganini aytib chiqqan Xalq ta’limi vazirligi 9 yanvarga kelib, maktablarda ham qishki ta’til 24 yanvarga qadar uzaytirilganini e’lon qildi.