Birinchi omikron aniqlangan shaxs bilan samolyotda kelgan barcha karantinga olingan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev ma’lum qildi.

«Bemor bilan birga samolyotda kelgan barcha yo‘lovchilar hozirgi vaqtda O‘zbekiston fuqarolari uy sharoitida karantinda, chet el fuqarolari mehmonxonalarda karantin o‘tamoqda… Samolyotda 200 kishi birga kelgan, O‘zbekiston fuqarolari 130 nafarni hamda chet el fuqarolari 70 nafarni tashkil etmoqda», — dedi u.

Xolmamat Norboyev. Foto: SSV matbuot xizmati.

Mutaxassis shuningdek, 7 yanvar kuni ilk «omikron» aniqlangan bo‘lsa-da, nima sababdan 8 yanvar kuni SEO rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov omikron aniqlanmaganligi haqida ma’lumot berganiga izoh berib o‘tdi.

«Bu ham o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, ancha yetuk bilim va chuqur izlanishlarin talab qilardi. Bu bo‘yicha dunyoni yetakchi ilmiy muassasalari bilan hamkorlikda, videoselektor yo‘nalishida maslahatlashuvlar o‘tkazilgan, orada bir kun vaqt o‘tdi. Shu sababli 8 yanvar kuni SanEpid tomonidan hali aniqlangani yo‘q degan ma’lumotga shunday izoh beraman. Demak, uzoq tekshiruvlar o‘tkazilganligi va uni tasdiqlashga ketgan vaqt hisobiga shunday bo‘ldi», — dedi Xolmamat Norboyev.

Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori Habibulla Oqilovning so‘zlariga ko‘ra, birinchi omikron aniqlangan bemor Dubay reysi bilan mamlakatga kirib kelgan.

Ta’kidlanishicha, barcha aeroportlarda bortga qo‘yishdan oldin hamma yo‘lovchilar vaksina olganlik to‘g‘risida QR-kod yoki sertifikat, qolaversa, PZR test talab etiladi.

«U (ilk omikron aniqlangan bemor) qayerda sertifikat olgani esa uning vijdoniga havola. Ëki u PZR test topshirgan vaqtda inkubatsion davr bo‘lgan bo‘lsa, omikron undan keyin namoyon bo‘lgan. Delta virusdan omikronning farqi shundaki, oldingisida 5−7 kun inbukatsion davr bo‘lgan bo‘lsa, bu yerda kasallik davrining o‘zi 5 kunni tashkil qiladi… Katta ehtimol bilan unda yaroqsiz sertifikat bo‘lgan yoki u oraliq muddatga tushib qolgan», — dedi u.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov JSST ma’lumotiga tayanib xabar qilishicha, omikron shtammiga chalingan bemorlarning 98 foizi uy sharoitida, 2 foizi esa statsionar tarzda davolanmoqda. «Chunki virusning mazkur turi asosan yuqori nafas yo‘llariga zarar yetkazadi», — dedi u.

SSV 7 yanvar kuni O‘zbekistonga kirib kelgan chet el fuqarosida koronavirusning «omikron» shtammi aniqlanganini ma’lum qildi.