Surxondaryo viloyati Denov shahrida joylashgan 2 qavatli «Indenim» savdo majmuasi binosidagi portlash oqibatida qancha zarar yetgani ma’lum qilindi.

Bunga 8 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda FVV Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik O‘lmas Muzaffarov to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida 2 kishi vafot etgan, yana 9 kishi turli darajadagi tan jarohati olgan.

«140 ta turar joylarga, ya’ni, 76 ta hovli uylari, 5 ta ko‘p qavatli uylarning 64 ta xonadoni, 86 ta noturar joylar, umumiy hisobda 226 ta imoratga ziyon yetgan. Talofat ko‘rgan 25 ta bino, jumladan, 13 ta turar va 12 ta noturar joy yaroqsiz holga kelgan», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, mustaqil baholovchi tashkilotlar tomonidan hodisa oqibatida yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqilgan. «226 ta ko‘chmas mulk obyektlariga yetkazilgan zarar miqdori 22,6 mlrd so‘mga baholangan. Shundan majmuaga yetkazilgan zarar miqdori 14,4 mlrd so‘mni tashkil etadi», — dedi u.

Ta’kidanishicha, Hukumat komissiyasi tomonidan yaroqsiz deb topilgan 13 ta xonadon egalari boshqa joyga ko‘chirilib, joyidan yangidan uy-joy qurish bo‘yicha pudratchilar biriktirilgan va qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Ta’mirtalab 69 ta turar joylar binolariga, jumladan, 64 ta hovli uylari va 5 ta ko‘p qavatli uylarning 64 ta xonadoni tartibga keltirish maqsadida pudratchilar jalb qilinib, ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilmoqda. Ta’mirtalab 60 ta noturar joy binolarida tadbirkorlar tomonidan ta’mirlash va qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yetkazilgan zararni qoplash ishlari Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilayotgani qo‘shimcha qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 7 dekabr kuni ertalab soat taxminan 4 larda sodir bo‘lgan portlash oqibatida yaqin atrofdagi bino konstruksiyalar qulab, katta yong‘in kelib chiqqandi. Hozirgacha buning oqibatida 9 kishi jarohatlanib, ikki kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

«Gazeta.uz» Denovdagi favqulodda hodisa joyidan fotoreportajni e’lon qilgandi. Voqealar rivoji davomida Bosh prokuratura Denovdagi portlash bo‘yicha terakt versiyasini rad etdi.

14 dekabr kuni ushbu fojia bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘z munosabatini bildirib, portlash tafsilotlarini televideniye orqali batafsil ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdi. «Yashiradigan O‘zbekiston emas hozir», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning qo‘shimcha qilishicha, bundan buyon viloyatlar hokimlari shu singari holatlarning oldini olish uchun javobgarlikni shaxsan o‘z zimmasiga oladi.

16 dekabrga kelib esa, Denov shahar gaz bo‘limi boshlig‘i hamda Hududgaz Surxondaryo gazta’minotining 2 nafar xodimi aybdor deb gumon qilinib, qamoqqa olindi. Ular o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaganlik va moddiy qimmatliklar olganlikda ayblanmoqda.