Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tuxum eksporti uchun joriy etilgan vaqtinchalik cheklov yuzasidan izoh berdi.

Xususan, vazirlik tuxum eksportiga nisbatan cheklovni global miqyosda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi, mahsulotga talabning mavsumiy ortishi, parrandachilik xo‘jaliklari isitish xarajatlarining oshishi va boshqa mavsumiy omillar ta’siri sharoitida vaqtinchalik chora sifatida izohlamoqda.

Qayd etilishicha, pandemiya sharoitida oziq-ovqat narxlari o‘sishiga javoban ko‘plab mamlakatlar ichki bozorda oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida ayrim mahsulotlar eksportini cheklash amaliyotini qo‘llamoqda.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021 yilning sentabr-dekabr oylarida tuxum narxi 19,6 foizga, ayrim hududlarda 20−22 foizgacha o‘sishi kuzatilgan.

Shuningdek, «qish mavsumida isitish xarajatlari oshishi va parrandachilik xo‘jaliklarida kasalliklarning avj olishi, tuxum berishga moslashgan tovuqlarning mavsumiy yangilanishi, ozuqa mahsulotlarining qimmatlashishi hamda kuz mavsumidan boshlab ushbu mahsulotga talabning boshqa oylarga nisbatan 20−30 foizga ortishi» mahsulot narxiga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirishi qayd etilgan.

Bundan tashqari, parrandachilik xo‘jaliklarida ozuqa bazasining yetishmasligi natijasida ko‘plab xo‘jaliklardagi parrandalar soni umumiy hisobda 1 milliondan ortiq miqdorga kamayganligi aytilmoqda.

«Global pandemiyaning davom etayotganligini, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining aholining xarid qobiliyatiga ta’sirining yuqoriligi, shuningdek ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashning muhimligini inobatga olgan holda tuxum eksportiga nisbatan kiritilgan cheklov vaqtinchalik chora bo‘lib hisoblanadi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra 2022 yil 1 aprelga qadar tovuq tuxumi eksportiga taqiq joriy etilganligi xabar qilingan edi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabarga izoh berib, O‘zbekistonda tuxum eksportiga og‘zaki yoki yozma ravishda taqiq joriy qilinmaganini ma’lum qilgan edi.

Ma’lum qilinishicha, respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki iste’mol bozorlarida narxlarni barqarorlashtirish maqsadida tuxum eksportini vaqtincha to‘xtatish tashabbusi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan kiritilgan.