O‘zbekistonda milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlarni rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2022−2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» loyihasida keltirib o‘tilgan.

Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarni yaratish «fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishga» qaratilgan, deya keltirilgan loyihada.

Milliy kommunikatsiya platformalarini rivojlantirish uchun 2022 yil dekabrgacha sohaning «yetakchi mutaxassislari va yirik tadbirkorlari»ni jalb etish, shuningdek, platformalarni ma’lumotlarni uzatish va qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy talablarga javob beradigan dasturiy-texnik vositalar bilan jihozlash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, noyabr oyigacha AKT sohasida milliy mahsulotni yaratish tizimini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Dasturiy mahsulot yaratish, milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar auditoriyasini kengaytirish uchun soliq imtiyozlari taklif etilmoqda.

2016 yil bahorida O‘zbekistonda milliy ijtimoiy tarmoq Davra.uz ishga tushgan edi. U Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida UZINFOCOM markazi tomonidan ishlab chiqilgandi. Bugungi kunga qadar u yerda atigi 22 mingdan sal ko‘proq odam ro‘yxatga olingan.

Prezidentning 2018 yil 13 dekabrdagi qarori bilan davlat mobil aloqasi va «kriptografik himoyalangan birinchi milliy UzChat messenjeri»ni joriy etish vazifasi belgilangan edi.