Qozog‘istonda seshanba kuni kechqurun Telegram, WhatsApp va Signal internet-messenjerlari ochilmay qoldi, deb xabar berdi mamlakat OAVlari. «Gazeta.uz»ning Qozog‘istondagi manbalari ushbu ma’lumotni tasdiqlashdi.

2 yanvardan beri qo‘shni davlatda namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. U Qozog‘istonning Mangistau viloyati Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga (60 tengedan 120 tengega) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqishi bilan boshlangan edi. Shundan keyin, namoyishlar Aktau viloyati markazida ham bo‘lib o‘tdi, so‘ngra Qozog‘istonning boshqa hududlariga, jumladan poytaxt Nur-Sulton shahriga va sobiq poytaxt Olmaotaga ham tarqala boshladi.

Avvalroq, prezident Qasim-Jomart Toqayev muammoga «o‘zaro maqbul yechim» topish maqsadida Aqtauda hukumat komissiyasi ish boshlaganini aytdi, ular faollar bilan muloqot o‘tkazdi. Seshanba kuni Mangistau viloyatida «Kazmunaygaz» «Kazmunagaz» milliy kompaniyasining ijtimoiy mas’uliyati doirasida suyultirilgan gaz narxi 50 tengegacha arzonlashtirilgani xabar berilgandi.

Mitinglarda yangragan yoqilg‘i narxini tushirishga chaqiriqlar asta-sekin turmush darajasini ko‘tarish talablari bilan almashdi, deb yozmoqda Vlast.kz.

Xabar e’lon qilingan vaqtga ko‘ra, namoyishlar hali ham davom etmoqda. Olmaotada namoyishchilarning hibsga olinayotgani va mobil internet uzib qo‘yilgani haqida ma’lum qilinmoqda.

Seshanba kuni kechqurun prezident Qasim-Jomart Toqayev Twitter orqali namoyishchilarga «jamiyat barqarorligi va birligiga rahna solishdan manfaatdor bo‘lgan buzg‘unchi shaxslarning chaqiriqlariga ergashmaslikni» so‘rab, murojaat qildi.

«Ijtimoiy-iqtisodiy xarakterdagi talablar alohida, jumladan, ertaga poytaxtda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda ko‘rib chiqiladi», — deb yozdi u.