1 dekabr holatiga banklarning kredit portfelidagi qoldiq (yuridik va jismoniy shaxslarga berilgan barcha kreditlar bo‘yicha qarzlar qoldig‘i) 320,8 trln so‘mni (29,6 mlrd dollar) tashkil etdi. Yil davomida bu ko‘rsatkich 50 trln so‘mga yoki 18,5 foizga oshgan, deyiladi O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlarida.

Kreditlarning asosiy qismi yuridik shaxslarga to‘g‘ri keladi — 252,6 trln so‘m (78,7%). Yil davomida ularga ajratilgan kreditlar hajmi 16,6 foizga oshdi.


Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi 68,1 trln so‘mga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 26 foizga ko‘pdir. Ushbu mablag‘larning yarmi — 34,4 trln so‘mi ipotekani kreditlash uchun yo‘naltirilgan.

Hududlar kesimida barcha kreditlarning 48,8 foizi (156,7 trln so‘m) Toshkent hissasiga to‘g‘ri keladi. Yil davomida poytaxtda kreditlash hajmi 28,5 trln so‘mga (+22,3 foiz) oshdi. Ikkinchi o‘rinda banklarning kredit portfeli 19,6 trln so‘mni (jami portfelning 6,1 foizi) tashkil etgan Toshkent viloyati joylashgan.

Taqqoslash uchun, barcha kreditlarning 2,6 foizi (8,4 trln so‘m) Qoraqalpog‘iston ulushiga to‘g‘ri keladi, bu esa Toshkentga nisbatan 18,5 baravarga kamdir.

Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston va boshqa viloyatlarning (Buxoro va Sirdaryo viloyatlaridan tashqari) banklarning kredit portfelidagi ulushi faqat qisqarmoqda.

Noyabr oxirida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev O‘zbekiston bank tizimini rivojlantirishning istiqbolli bosqichlarini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, dollarlashuv darajasini pasaytirish maqsadida Moliya vazirligi huzurida xedj-fond tashkil etilmoqda, valyuta kreditlarini jalb qilishda esa «ehtiyotkorlik siyosati» olib boriladi. 2025 yilda bank sektoridagi hukumat ulushini 40 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.