Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayev ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish hamda prezident tabrigini ulashish maqsadida qorbobo kiyimida oilalarga tashrif buyurdi.

Hokimning matbuot kotibi Zafar Mirrahimovning «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, qorbobo kiyimida oilalarga kirib borish g‘oyasi G‘ofur Mirzayevning shaxsan o‘zidan chiqqan. Bundan ko‘zlangan maqsad oddiy — bolajonlarning Yangi yil oldidan kayfiyatini ko‘tarishdan iborat.


Hokim shaxsan o‘zi bir kunda oltita xonadonga qorbobo obrazida kirib, yordam puli, prezident tabrigi va bayram sovg‘alarini topshirgan. Moddiy yordam pulidan tashqari oilalarga qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlari ham berilgan.

«Moddiy yordam va prezident tabrigini yetkazishda viloyatning tuman va shahar hokimlariga qorbobo obrazida bo‘lish majburiy emas, ya’ni, tuman, shahar hokimlari va sektor rahbarlariga bir martalik moddiy yordamni tez va manzilli yetkazish topshirig‘i berilgan. Buni u yoki bu tarzda topshirish yuzasidan hech qanday ko‘rsatma berilmagan. Shunchaki, barchaga bayramona kayfiyat ulashish nazarda tutilgan», — deydi Zafar Mirrahimov.


Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi yilgacha viloyat bo‘yicha jami 11 816 ta oyilaga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish belgilangan. Bugungi kunga qadar oilalarning 60 foiziga yordam pullari tarqatib bo‘lingan.


Ma’lumot uchun, prezidenting qaroriga asosan, dekabrda shu yili «Temir daftar» ga kiritilganlar, 18 yoshga to‘lmagan farzandi bor boquvchisini yo‘qotganlar pensiyasini oluvchi oilalar hamda 18 yoshgacha bolalar uchun nogironlik nafaqasini oluvchilarga bir martalik 800 ming so‘m miqdorida moddiy yordam beriladi.

Lolagul Qallixanova tayyorladi.