Ilk marotaba «Zakovat» intellektual o‘yini 2001 yil mart oyida ekran yuzini ko‘rdi. 20 yil davomida aql va zakovat janglarini millionlab teletomoshabinlar ekran ortidan tomosha qilishdi.

«Zakovat» klubi a’zosi Saodat Umarova ko‘pchilikning sevimli bilimdonlariga aylangan «Zakovat» yulduzlari Bobur Yoqubov, Furqat Qurbonov, Aziza Ibragimova, Jobir Ahmedov, Umid Valiyev va Xushnudbek Xudoyberdiyevlar bilan suhbatlar uyushtirdi. Bilimdonlar teleo‘yinga qanday kirib kelganligi, «Zakovat»ni nega tark etmasliklari va klubga yangi avlodni jalb qilish uchun nimalar qilish kerakligi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishishdi.

«Zakovat» bilimdonlari haqidagi materialning ikkinchi qismida «Gazeta.uz» Umid Valiyev va Jobir Ahmedov bilan suhbatlarni taqdim etadi.

««Zakovat»dagi raqibim o‘zimman. Bugungi Umid (ya’ni men) kechagi Umiddan kuchliroq bo‘lishiga intilaman» — Umid Valiyev

— Ilk bor qatnashgan ekran o‘yiningizni eslay olasizmi? O‘sha o‘yinda esda qolgan biror voqeani aytib bering.

— Ilk bor qatnashgan ekran o‘yinim 2004 yil noyabrda bo‘lgan. Juda yaxshi esimda. Umuman olganda barcha o‘yinlarimni statistikasini yuritib boraman.

Birinchi o‘yinda 2 ta savolga to‘g‘ri javob bera olganman. Balki dastlabki o‘yin bo‘lgani uchunmi, savol yaxshi xotiramda qolgan. Savolning qisqacha ma’nosi quyidagicha edi: «An’anaviy yapon teatrida imperator rolini kim ijro etadi?», javob esa yosh (o‘spirin) bola edi. Imperatorni xuddi bola kabi begunohligini ko‘rsatish udum ekan.


— «Zakovat»dan nima kutgan edingiz va u sizga nimalar bera oldi?

— Ochig‘i «Zakovat»dan biror nima kutib o‘ynamaganman. «Zakovat» targ‘iboti uchun klubning barcha a’zolari bilan birga harakat qilib kelganman, bunday keyin ham klub rivoji uchun kuchim va vaqtimni ayamayman.

«Zakovat» shaxsan menga ko‘p imkoniyat yaratdi. Birinchi navbatda, muntazam ravishda klub va ekran o‘yinlari orqali turli sohalardagi bilimlarimni boyitib borish imkoniyatini bermoqda. Klub a’zolari bo‘lgan zehnli va serqirra insonlar bilan suhbatlashish ne’matini berdi. Biznesda «goodwill» degan tushuncha mavjud, ya’ni yaxshi reputatsiya. Klubning barcha a’zolariga «Zakovat» shunday reputatsiya berib kelmoqda va men doimo shu reputatsiyaga munosib bo‘lishdek stimulga egaman.

— So‘nggi yillarda «Zakovat» tanazzulga uchradi degan fikrlar ko‘p aytildi. Shu davrda ham o‘yinni tark etmasligingizga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

— «Zakovat» tanazzulga uchramagan. Yurtimizda hech qachon bilimga e’tiborsizlik bo‘lmagan. Klub faoliyati 20 yildan buyon davom etmoqda. «Zakovat» klubida doimo reja, maqsad va albatta natija bo‘lgan. Buni oxirgi 5−6 yil davomida klub koordinatori sifatidagi faoliyatimdan kelib chiqib ishonch bilan ta’kidlay olaman.

— «Zakovat»da sizning raqibingiz kim yoki nima?

— «Zakovat»dagi raqibim o‘zimman. Umuman men hech qachon biror ishtirokchidan kuchli o‘ynashga harakat qilmaganman, faqatgina bugungi Umid (ya’ni men) kechagi Umiddan kuchliroq bo‘lishiga intilaman.

— Intellektual o‘yinlarni qaysi janrdagi filmga o‘xshatgan bo‘lardingiz?

— Intellektual o‘yinlarni detektiv janrdagi filmga o‘xshataman. Jamoa bilan birga qo‘yilgan masalaga javob qidirasiz.

— Siz uchun bilimdondagi eng muhim fazilatlar qaysi?

— Bilim yo‘lida izlanish, yutuqlardan esankiramaslik, kamtarlik, natijaga yo‘naltirilganlik, bilimlarini faqatgina klub yoki ekran o‘yinlarida emas balki hayotda, ish faoliyatida qo‘llay bilish bilimdondagi eng muhim fazilatlar deb bilaman.

— Qaysi bilimdonga havas qilasiz, undan nimalarni o‘rgangansiz?

— Muntazam havas qiladigan bitta bilimdonim yo‘q. Har bir bilimdondan o‘zim uchun kerak bo‘ladigan muhim hislat va fazilatlarni o‘rganishga harakat qilaman.

— «Zakovat» tarixida eng yulduzli, eng yorqin bilimdon sifatida ko‘rsatuv muxlislari qaysi bilimdonni eslab qolishadi deb o‘ylaysiz?

— «Zakovat»da faoliyat olib borgan va davom ettirayotgan bilimdonlar ko‘p. Ularni har birining o‘z muxlislari bor. «Zakovat» tarixida eng yorqin bilimdon sifatida ko‘rsatuvning yoshi katta muxlislari Farhod Akbarovni (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) eslab qolishgan deb o‘ylayman.

— Sizningcha tomoshabinlar mehrini qozonish uchun bilimdonga qaysi xususiyatlar qo‘l keladi?

— Hozirgi muxlislarning mehrini qozonish uchun bilimdon o‘z o‘yini orqali doimo ularni hayratda qoldirishi, muxlislar kutmagan savolga javob berib «Otasiga rahmat» kabi olqishlarni olishi zarur. Ba’zi bilimdonlarning birgina javobi muxlislarni esida qolsa, ba’zi bilimdonlar muxlislarni simpatiyasi uchun yillar davomida harakat qilishiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Umid Valiyevning shaxsiy arxividan.

— Obro‘ topish va tanilishga bo‘lgan intilish bilimdonni o‘z ustida ko‘proq ishlashga undashi mumkinmi?

— Mashhurlik aslida bilimdonni o‘z ustida ko‘proq ishlashga undashi zarur. Afsuski mashhurlik ko‘pincha «yulduzlik kasali»ni ham olib keladi.

— «Zakovat» sizning shaxsiy hayotingizga va ish faoliyatingizga qanday ta’sir qilgan?

— «Zakovat» klubning barcha a’zolariga shaxsiy hayot va ish faoliyatida ijobiy ta’sir beradi. Birgina Buxoroda bo‘lib o‘tgan Grand final g‘oliblarini eslab ko‘ring. Ularni «Zakovat»dagi hayotini finalgacha va finaldan keyingi 2 qismga ajratish mumkin. Albatta, bilimdonlar muxlislardagi ijobiy fikrni qora ko‘zi yoki chiroyli smokingi bilan qo‘lga kiritmaydi. Buning uchun tinimsiz mehnat qilishadi, shaxsiy va jamoaviy tayyorgarliklarni olib borishadi.

— O‘yinga tayyorgarliklar juda ko‘p vaqt talab qiladi, «shu vaqtni boshqa narsaga sarflasam foydaliroq bo‘lardi» degan xayollar bo‘lganmi?

— Albatta, o‘yinga tayyorgarliklar juda ko‘p vaqt talab qiladi, shu vaqtni boshqa narsaga sarflasam foydaliroq bo‘lardi degan fikr xayolimga hech qachon kelmagan. Doimo vaziyatga qarab ish tutaman, agar o‘yinga tayyorgarlikka qaraganda shaxsiy, oilaviy yoki kasbim bilan bog‘liq zarur vazifa bo‘lsa shu zarurini qilaman.

— Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, hozirda yoshlar oldingiga nisbatan kamroq kitob o‘qishadi, sizningcha ham shundaymi?

— Negadir mening fikrim aksariyat holatlarda ko‘pchilik fikriga zid bo‘ladi. Hozirda yoshlar oldingiga nisbatan kamroq kitob o‘qishadi deb hisoblamayman. Bundan 2000 yillar avval ham yoshlar haqida shunga o‘xshash fikrlar bo‘lgan. Yoshlar o‘zlaridan oldingi avlodga nisbatan kam kitob o‘qiganida kashfiyot va ixtirolar bo‘lmas, biz hali ham g‘orlarda o‘tirgan bo‘lar edik.

— Intellektual o‘yinlarga zumer avlodini qanday vositalar orqali jalb qilish mumkin deb o‘ylaysiz? (Zumerlar yoki Z avlod — 90-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida tug‘ilganlarga nisbatan ishlatiladi)

— Savollar ichidagi eng o‘ylatadigani shu ekan. Mening fikrimcha intellektual o‘yinlarga zumer avlodini elektron vositalar, android dasturlar orqali jalb qilish mumkin.

— «Zakovat»ga yiliga 50 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Sizningcha bu mablag‘ «Zakovat»ga yangi bilimli yigit-qizlarni jalb qila oladimi? Zakovatchilar saviyasini oshirish uchun moliyaviy ko‘mak qanchalik zarur?

— Fursatdan foydalanib, «Zakovat»ni 2021 yil davomida umum bilim harakatiga aylanishiga katta yordam bergan Mass mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylik kengashi rahbarlariga alohida minnatdorchilik bildiraman. Shu insonlarning ko‘magi va bilimdonlar harakati bilan Zakovat klubi faoliyatini muntazam moliyalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu albatta yangi bilimli yigit-qizlarni klubga jalb qila oladi va umuman klub saviyasini oshishiga yordam beradi.

Foto: Umid Valiyevning shaxsiy arxividan.

Blits

— Siz tug‘ilgan yilda qanday muhim tarixiy hodisa ro‘y bergan?

— Birinchi Apple Macintosh kompyuteri savdoga chiqarilgan.

— Siz tug‘ilgan joyga qisqacha ta’rif bering.

— Toshkent — non va tomosha shahri.

— Maktab davridagi eng katta sho‘xligingiz.

— Eslay olmadim.

— Ustozingizdan sizga omonat qolgan ibratli so‘zlar.

— Hamma yerda biliming — tashrif qog‘ozing bo‘ladi.

— Ish faoliyatingizda sizni nima ilhomlantiradi va zavq beradi?

— Doimo yangilikni o‘rganishni talab etadi.

— Shaxs sifatida shakllanishingizda qaysi badiiy kitoblar va qaysi mualliflar muhim o‘rin egallagan?

— Abdulla Qodiriy, Primqul Qodirov, Abdulla Qahhor, Alixonto‘ra Sog‘uniy kabi buyuklarning asarlari.

— Qaysi zamondoshingiz bilan suhbatlashishni xohlardingiz?

— Ilon Mask.

— Qanday holatda o‘zingizga «men baxtliman» deb aytgansiz?

— Har doim.

— Agar siz haqingizda kitob yozilsa, unga qaysi satrlar epigraf bo‘lishini xohlaysiz.

— Orzularni qarilik qutisiga yig‘mang.

«Bilimdon „men hamma narsani bilib bo‘ldim“ degan xomxayolga berilmaydigan inson bo‘lishi kerak» — Jobir Ahmedov

— Ilk bor qatnashgan ekran o‘yiningizni eslay olasizmi? O‘sha o‘yinda esda qolgan biror voqeani aytib bering.

— Men klubga 2001 yilning oxirlarida kelganman. Ilk marta qatnashgan ekran o‘yinim 2002 yil aprel oyida bo‘lgan. Shu o‘yinda jamoa 6−5 xisobida g‘alaba qozongan. Esda qolarli jihati shuki, bu jamoa 4 kun ichida tuzilgan va shunga qaramay bir-biri bilan kirishib keta olgan va ilk g‘alabani qo‘lga kiritgan.

— «Zakovat»dan nima kutgan edingiz va natijada u sizga nimalar bera oldi?

— Bu o‘yinga kelishimdan asosiy maqsad barcha bilimdonlar kabi savollarga javob topish va o‘sha adrenalinni his qilish bo‘lgan. Mana 20 yildan beri har bir o‘yinda o‘sha ta’riflab berish qiyin bo‘lgan zavq va adrenalin bor.

«Zakovat» o‘yinida qatnashish menga xar bir yangi ma’lumot qachondir qayerdadir kerak bo‘lib qolishi mumkinligini o‘rgatdi. Har qanday masalaning yechimi borligi va uning eng optimal yechimini tanlay olishni o‘rgatdi.


— So‘nggi yillarda «Zakovat» tanazzulga uchradi degan fikrlar ko‘p aytildi. Shu davrda ham o‘yinni tark etmasligingizga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

— Men shaxsan o‘yin tanazzulga uchradi deb xisoblamayman. Ekranda ma’lum bir vaqt ko‘rinmay qolish bu tanazzulga uchrash degani emas. O‘sha vaqtda ham bizning klub jamoalari yig‘ilishni va mashq o‘yinlarini to‘xtatgani yo‘q. Klubni tark etish uchun ekran o‘yinlarining vaqtinchalik to‘xtashi asos bo‘lmaydi deb xisoblayman.

— «Zakovat»da sizning raqibingiz kim yoki nima?

— Asosiy raqib bu 1 daqiqa vaqt. Shu raqibni munosib yenga olsangiz marra sizniki.

— Intellektual o‘yinlarni qaysi janrdagi filmga o‘xshatgan bo‘lardingiz?

— Ko‘proq triller janriga mos tushsa kerak sababi, oxiri nima bilan tugashini bilmay, xar qadamda qanday narsaga duch kelishingizni bilmay ichki hayajonda bo‘lasiz.

— Siz uchun bilimdondagi eng muhim fazilatlar qaysi?

— O‘z bilimlarini doimo oshirib boradigan, bilganlaridan oqilona foydalanishni biladigan va «Men hamma narsani bilib bo‘ldim» degan xomxayolga berilmaydigan inson bo‘lishi kerak.

— Qaysi bilimdonga havas qilasiz, undan nimalarni o‘rgangansiz?

— O‘zimizda o‘ynagan bilimdonlardan Murod Hamroyev bilan birga bir jamoada o‘ynaganimda ko‘p narsani o‘rganganman. Rossiyadagi bilimdonlardan Maksim Potashyovning o‘yinlarini kuzatib boraman. Undan ko‘p narsalarni o‘rganish mumkin.

— «Zakovat» tarixida eng yulduzli, eng yorqin bilimdon sifatida ko‘rsatuv muxlislari qaysi bilimdonni eslab qolishadi deb o‘ylaysiz?

— Buni muxlislar mendan yaxshiroq bilishsa kerak.

— Sizningcha tomoshabinlar mehrini qozonish uchun bilimdonga qaysi xususiyatlar qo‘l keladi?

— Birinchi navbatda bilimdondagi samimiylik tomoshabin mehrini qozonadi. O‘yin vaqtida o‘z bilim va imkoniyatlaridan oqilona foydalana oladigan va samarador o‘ynaydigan bilmidonning tomoshabin e’tiboriga tushishi oson bo‘ladi.

— Obro‘ topish va tanilishga bo‘lgan intilish bilimdonni o‘z ustida ko‘proq ishlashga undashi mumkinmi?

— Menimcha, bilimdonni o‘z ustida ishlashi uchun bundan ham muhimroq motivatsiyalar bo‘lishi kerak.

— «Zakovat» sizning shaxsiy hayotingizga va ish faoliyatingizga qanday ta’sir qilgan?

— Har ikkalasida o‘zining o‘rniga ega bo‘lgan.

— O‘yinga tayyorgarliklar juda ko‘p vaqt talab qiladi, «shu vaqtni boshqa narsaga sarflasam foydaliroq bo‘lardi» degan xayollar bo‘lganmi?

— O‘yinga tayyorgarlik uchun xaqiqatan ham ko‘p vaqt sarflayman. Biroq bu yerda mening yondashuvim boshqacharoq: boshqa foyda keltirmaydigan ishga vaqt sarflagandan ko‘ra o‘yinga tayyorgarlik uchun vaqt sarflasam foydaliroq bo‘ladi deb o‘ylayman.

Chapdan o‘ngga: Xushnudbek Xudoyberdiyev, Jobir Ahmedov, Bobur Yoqubov, Timur Mirzayev. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

— Ko‘pchilikni fikriga ko‘ra, hozirda yoshlar oldingiga nisbatan kamroq kitob o‘qishadi, sizningcha ham shundaymi?

— Ha, menimcha ham shunday. Virtual hayot real hayotdan ustunlik qilayotgani sababli shunday bo‘lyapti deb o‘ylayman.

— Intellektual o‘yinlarga zumer avlodini qanday vositalar orqali jalb qilish mumkin deb o‘ylaysiz? (Zumerlar yoki Z avlod — 90-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida tug‘ilganlarga nisbatan ishlatiladi)

— Bugungi kunda «Nima? Qayerda? Qachon?» o‘yinining bir qancha onlayn versiyalari mavjud. «Zakovat»ning ham mobil versiyasi yaratilsa, ularni ham intellektual o‘yinlarga jalb qilish oson bo‘ladi.

— «Zakovat»ga yiliga 50 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Sizningcha bu mablag‘ «Zakovat»ga yangi bilimli yigit-qizlarni jalb qila oladimi? Zakovatchilar saviyasini oshirish uchun moliyaviy ko‘mak qanchalik zarur?

— Ha, albatta jalb qiladi. Bugungi yoshlar har bir ishni qilishdan oldin maqsad qo‘yadi. Agar bu maqsad ichida moliyaviy motivatsiya bo‘lsa maqsadni amalga oshirish uchun harakat kuchayadi. Inson faoliyatining barcha sohalari kabi intellektual o‘yinlarda ishtirok etayotganlarga moliyaviy motivning borligi qiziqishni yanada kuchaytiradi.

Blits

— Siz tug‘ilgan yilda qanday muhim tarixiy hodisa ro‘y bergan?

— Internet tarmog‘i dunyoga kelgan.

— Siz tug‘ilgan joyga qisqacha ta’rif bering.

— Osiyoning eng so‘lim o‘lkalaridan biridagi eng fayzli yer.

— Maktab davridagi eng katta sho‘xligingiz.

— 3 sinfda 1 chorak o‘qib, 2-chorakni 5-sinfda davom ettirganim.

— Ustozingizdan sizga omonat qolgan ibratli so‘zlar.

— Hech qachon «bu ishni men uddalay olmayman» dema, balki «nima uchun bu ishni men uddalay olmas ekanman? Albatta uddalay olaman» deb shu ishga kirish.

— Ish faoliyatingizda sizni nima ilhomlantiradi va zavq beradi?

— Insonlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va kelajakda yaxshi shifokor bo‘lish uchun tinimsiz mehnat qilishi.

— Shaxs sifatida shakllanishingizda qaysi badiiy kitoblar va qaysi mualliflar muhim o‘rin egallagan?

— O‘zbek adabiyotida O‘tkir Hoshimov ijodiga qiziqishim juda katta bo‘lgan va uning asarlaridan olgan xulosalarim ko‘p vaqt menga qo‘l kelgan.

— Qaysi zamondoshingiz bilan suhbatlashishni xohlardingiz?

— Bunday insonlar juda ko‘p. O‘zbekistonda ham, dunyoda ham.

— Qanday holatda o‘zingizga «men baxtliman» deb aytgansiz?

— Har tongda uyg‘onganimda ko‘zim ko‘rib turganida, quloqlarim eshitib turganida va tilim gapirishga qodir bo‘lganida, Allohga shukr qilib «bugun mendan baxtli odam yo‘q» deyman.

— Agar siz haqingizda kitob yozilsa, unga qaysi satrlar epigraf bo‘lishini xohlaysiz.

— Bilmaganni so‘rab o‘rgangan — olim. Orlanib so‘ramagan — o‘ziga zolim.

Materialning birinchi qismida «Zakovat» bilimdonlari Bobur Yoqubov va Furqat Qurbonovlar bilan suhbat taqdim etilgandi.

Saodat Umarova suhbatlashdi.