30−31 dekabr kunlari O‘zbekiston aholisi yangi yil bayramini qorli ob-havosiz kutib olishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulahatov O‘zAga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, iqlim o‘zgarishi atmosferada siklon va antitsiklon, boshqacha aytganda, sovuq va iliq, nam va quruq havo massalari harakatidagi ma’lum bir muvozanatni o‘zgartirib yuborgan.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, O‘zgidromet o‘z vakolati doirasida uch muddatli — qisqa, o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz xabarlarini ishlab chiqadi.

Qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognoz xabarlari kelgusi 5 kunlik davr uchun ishlab chiqiladi va bunda prognoz xabarlarida yog‘ingarchilikning turlari (yomg‘ir, qor, do‘l) aniq ko‘rsatib o‘tiladi.

Uzoq muddatli prognozlarda yog‘ingarchilik va ularning turlarini aniq bir kunda bo‘lib o‘tishi ko‘rsatilmaydi. Unda faqat havo harorati va yog‘ingarchiliklarning me’yordan ko‘p yoki kamligi qayd etiladi.

«Ammo meteorolog sifatida, atmosferadagi havo oqimlariining harakatini sinchkov tahlil qilgan mutaxassis sifatida 30−31 dekabr kunlari respublikamizda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Demak, respublika aholisi bayramni qorli ob-havosiz kutib olishi mumkin», — dedi O‘zgidromet mutaxassisi.

U shuningdek, O‘zbekistonda qish faslida qor yog‘ishi kamayib borishiga nima sabab bo‘layotganiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda qish mavsumida qor yog‘ishi uchun shimol va shimoli g‘arbdan sovuq havo oqimlari tez-tez respublika hududlariga kirib kelishi kerak bo‘ladi. Ayni shu havo oqimlaridan qor yog‘adi.

Tahlillarga ko‘ra, hozirda yil davomida sovuq havo oqimlarining respublika hududlariga kirib kelishi o‘tgan asr oxirlariga nisbatan ikki barobarga kamaygan. «Buning natijasida, 2016 yildan boshlab, qishda yog‘ib o‘tgan qorlar davomiyligi va yerda hosil bo‘lgan qor qoplamining sutkalab erimasdan turish holatlari keskin kamayib ketdi», — dedi u.

«Hozirda iqlimning global miqyosda isish jarayoni antropogen ta’sir ya’ni atmosferaga turli xil chiqindi gazlarni chiqarish orqali parnik effekti (issiqxona samarasi)ni hosil qilish fonida ro‘y bermoqda», — dedi Erkin Abdulahatov.

Ta’kidlanishicha, raketa uchirilishi natijasida, atmosfera yuqori qatlamida havo tarkibining biroz o‘zgarishi fanda isbotlangan.

«Ammo, hozirda O‘zbekistonga yaqin Qozog‘iston respublikasining Boyqo‘ng‘ir poligonidan uchirilayotgan raketalar sabab, aynan Boyqo‘ng‘ir ustidagi atmosfera qatlami yoki O‘rta Osiyo ustida ozon tuynugining yemirilayotgani yoki ochilib qolayotgani kuzatilmadi. Har holda sun’iy yo‘ldosh orqali spektreometrik tasvirlarda bu holat kuzatilmagan», — dedi Erkin Abdulahatov.

Ozon tuynugining yemirilishi yoki ochilib qolayotgani oxirgi yillarda Janubiy qutb doirasi ichidagi Antarktida materigi ustida faol sodir bo‘layotgani ma’lum qilingan.

Mutaxassisning fikricha, «global iqlim o‘zgarishi mintaqada iliq qish kunlari sonining ortib ketishi bilan namoyon bo‘lmoqda».

«Qish oylarida sovuq havo oqimlarining O‘zbekiston hududlariga kirib kelishi teng ikki barobarga kamayib ketdi. Aksincha, oxirgi yillarda oktabr va noyabr oylarida sovuq havo oqimlarining respublikaga kirib kelishi faollashdi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikada oxirgi uch yillikning barcha noyabr oylarida sovuq haroratlarning kuzatilishi va noyabr oyining o‘zidayoq qor yog‘ishi ushbu fikrni isbotlaydi.

«Davomiy iliq qish kunlari ortidan shimoldan sovuq havo oqimlari kirib kelish holati hozir ham saqlanib qolgan. Ammo, sovuq antitsiklonlarning mintaqaga chuqur kirib kelish ehtimoli kamayib ketdi. Chunki hozirda mintaqamizga yilning deyarli barcha mavsumlarida janub issiq subtropik davlatlardan iliq va issiq harorat to‘lqinlarining ta’siri kuchli bo‘lib turibdi», — deya ta’kidladi Erkin Abdulahatov.

Qayd etilishicha, iliq qish kunlarining davomiy bo‘lishi daraxtlarda vegetatsiya davrini qish mavsumlarining o‘zida kuzatilishiga olib kelgan. Natijada, qish oylarida yashillilik olami erta uyg‘onib, faol vegetatsiyaga kirib qolish holatlari kuzatilmoqda.

Ortidan esa bitta sovuq havoning kirib kelishi oqibatida o‘simlik olamini sovuq urmoqda va kelgusi hosilni yo‘qotmoqda.

«Cho‘l va tog‘ yaylovlarida yashillikning kamayishi bevosita shunga bog‘liq. Bu global iqlim o‘zgarishining mintaqamizga shu ko‘rinishdagi ta’sir etayotgani bilan tushuntiriladi», — deya qo‘shimcha qildi u.