Ilk marotaba «Zakovat» intellektual o‘yini 2001 yil mart oyida ekran yuzini ko‘rdi. 20 yil davomida aql va zakovat janglarini millionlab teletomoshabinlar ekran ortidan tomosha qilishdi.

«Zakovat» klubi a’zosi Saodat Umarova ko‘pchilikning sevimli bilimdonlariga aylangan «Zakovat» yulduzlari Bobur Yoqubov, Furqat Qurbonov, Aziza Ibragimova, Jobir Ahmedov, Umid Valiyev va Xushnudbek Xudoyberdiyevlar bilan suhbatlar uyushtirdi. Bilimdonlar teleo‘yinga qanday kirib kelganligi, «Zakovat»ni nega tark etmasliklari va klubga yangi avlodni jalb qilish uchun nimalar qilish kerakligi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishishdi.

«Zakovat» bilimdonlari haqidagi materialning birinchi qismida «Gazeta.uz» Bobur Yoqubov va Furqat Qurbonov bilan suhbatlarni taqdim etadi.

«Ba’zida pulli ishlarimni tashlab, „Zakovat“ o‘yinlariga ketib qolardim, hozir ham shunday» — Furqat Qurbonov

— Ilk bor qatnashgan ekran o‘yiningizni eslay olasizmi? O‘sha o‘yinda esda qolgan biror voqeani aytib bering.

— Albatta, ko‘ngilga yaqin qilinadigan har qanday ish birinchi marotaba qilinganda albatta esda qoladi. Esda qolarlisi, debyut o‘yinimni birinchi marotaba noto‘g‘ri javob berish bilan boshlaganman.

— «Zakovat»dan nima kutgan edingiz va u sizga nimalar bera oldi?

— «Zakovat»dan shu o‘yin ichida avvalo o‘z o‘yinimni, aniqrog‘i o‘z o‘yin uslubimni topishni maqsad qilgan edim va qisman bunga erishdim. Balkim, aynan shu o‘yin uslubimning kichik elementlari tufayli o‘zim ishtirok etgan jamoalarda jamoadoshlarimga imkon qadar yordam berib, 3 marta chempion bo‘lgandirman.

— So‘nggi yillarda «Zakovat» tanazzulga uchradi degan fikrlar ko‘p aytildi. Shu davrda ham o‘yinni tark etmasligingizga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

— Har bir insonning sevimli mashg‘uloti bo‘ladi va bu mashg‘ulot unga ruhan rohat bergunicha, ushbu mashg‘ulotini tashlamaydi. Kasbim va boshqa aniq sabablar tufayli bir muddat «Zakovat» o‘yinlarida ishtirok eta olmadim, biroq, olis yurtlarda bo‘lsam ham onlayn turnirlarda ishtirok etib turdim. Sababi, men tabiatan «igrokman».

— «Zakovat»da sizning raqibingiz kim yoki nima?

— Eng katta raqiblarim: xotiram, intuitsiyam va hayajonim. Shularni o‘zimga bo‘ysundira olsam, ular mening do‘stimga aylanishadi.

— Intellektual o‘yinlarni qaysi janrdagi filmga o‘xshatgan bo‘lardingiz?

— Intellektual detektiv janriga! Film boshidan boshlab qotil kim ekanligini taxmin qilasiz, yakunda esa qotil eng kam shubhalangan shaxs bo‘lib chiqadi. «Zakovat»da ham o‘yin boshidan o‘yin qanday kechishi va hisob qanday bo‘lishini taxmin qilasiz, biroq, ko‘p hollarda natija siz uchun syurpriz bo‘lib chiqadi.

— Siz uchun bilimdondagi eng muhim fazilatlar qaysi?

— Operativ tezkor xotira, miya xotirjamligi va yurakning vulqon bo‘lib urib turishi! Shu 3 fazilatlarning bir vaqtda ishlashi!

— Qaysi bilimdonga havas qilasiz, undan nimalarni o‘rgangansiz?

— Klubdan Murod Hamroyevning savollarga analitik tarzda yondashishiga havas qilardim, qiyin savollarni ham osonlashtirib topishni qisman undan o‘rganganman. Xorijliklardan esa Ilya Novikovning muzday xotirjam ruhda qiyin savollarga mantiqan yondashishlari yoqardi, Boris Burdaning esa har sohadan kerakli nimanidir bilishiga qoyil qolganman.

— «Zakovat» tarixida eng yulduzli, eng yorqin bilimdon sifatida ko‘rsatuv muxlislari qaysi bilimdonni eslab qolishadi deb o‘ylaysiz?

— Ko‘p holatlarda familiyasini noto‘g‘ri «Bobur Yo‘ldoshev» deb aytishsa ham, Bobur Yoqubovni yaxshi eslab qolishgan bo‘lsa kerak. Aslida, klubdagi ko‘plab bilimdonlarning o‘z muxlislari bor, sababi, har bir tomoshabin o‘ziga yoqqan bilimdonda o‘zida mavjud o‘xshashlikni ko‘rib, uning muxlisiga aylanadi.

Furqat Qurbonov va Bobur Yoqubov.

— Sizningcha tomoshabinlar mehrini qozonish uchun bilimdonga qaysi xususiyatlar qo‘l keladi?

— Muxlislar ko‘p, ularning tabiatlari, dunyoqarashlari har xil bo‘ladi va ularning mehrini qozonish uchun nima qilish kerakligini aniq bilmadim… Menimcha, o‘yinlarga asling kabi samimiy yondashib, stol atrofida har bir savolni topish uchun astoydil yonishing kerak.

— Obro‘ topish va tanilishga bo‘lgan intilish bilimdonni o‘z ustida ko‘proq ishlashga undashi mumkinmi?

— Ushbu kriteriyalar deyarli barcha soha va kasblarda ko‘pchilik uchun o‘z o‘rnini topish uchun omil bo‘ladi. Shaxsan menga, mag‘lubiyatlar yanada o‘z ustimda sifatliroq ishlashimga sabab bo‘ladi. Yuqorida aytganimdek, tabiatdan «igrok» bo‘lganim uchun yutqazishni yomon ko‘raman, biroq, kezi kelganda yutqazishni bilaman!

— «Zakovat» sizning shaxsiy hayotingizga va ish faoliyatingizga qanday ta’sir qilgan?

- Bu o‘zingizga bog‘liq masala. Sizni bilimdon sifatida ko‘pchilik tanishadi va sizdan bilimdonlarga xos fikr, harakatlarni kutishadilar. Agar bilimdon ekanlingizni ishda isbotlay olsangiz, sizga hurmat yanada oshadi. Shaxsan menga, faqat ijobiy ta’sir qilgan, sababi, atrofdagilar mendan nimani kutishlarini tushunib, intelligent degan nomga yaqinlashishga intilganman.

— O‘yinga tayyorgarliklar juda ko‘p vaqt talab qiladi, «shu vaqtni boshqa narsaga sarflasam foydaliroq bo‘lardi» degan xayollar bo‘lganmi?

— Bu kabi o‘ylar juda ko‘p xayoldan o‘tgan. Joyi kelganda pullik ishlarimni tashlab o‘yinlarga ketib qolardim, deyarli hozir ham shunday. Menimcha bu kasallik…

— Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, hozirda yoshlar oldingiga nisbatan kamroq kitob o‘qishadi, sizningcha ham shundaymi?

— Ha, kamroq o‘qishadi. Sababi, hozirda ma’lumotlar miya tez hazm qila oladigan qisqa yozma va video kontentlarda berilsa, ko‘proq o‘qiladi, ko‘riladi. Bu zamon kriteriyasi. Biroq, asl bilim manbai sifatida longrid maqolalar, ilmiy esselar va kitob asos bo‘lib qolaveradi. Misol, bitta o‘qilgan badiiy asarni o‘zidan kamida 10ta yaxshi savol tuzish mumkin, bitta kitobni o‘zida esa 3−4 ta asar bo‘ladi. Bilimdon bo‘lish uchun albatta kitob o‘qish bosh mezon bo‘lib qolaveradi.

Foto: Furqat Qurbonovning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi profilidan.

— Intellektual o‘yinlarga zumer avlodini qanday vositalar orqali jalb qilish mumkin deb o‘ylaysiz? (Zumerlar yoki Z avlod — 90-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida tug‘ilganlarga nisbatan ishlatiladi)

— Juda oson. Zumerlar tilida intellektual o‘yin haqida qisqa va qiziqarli podkastlar tayyorlash kerak. Misol uchun, Tik-Tok platformasi mahsulotlari maksimum 15 sekundni o‘z ichiga oladi. Aynan 15 sekunddagi hajmda quyidagicha video tayyorlasa bo‘ladi.

«Yangi avtomobil nomer sotib olganingizda, ushbu nomer mabodo joyidan tushib qolgudek bo‘lsa, siz uni tezda topishingiz uchun oldindan nima qilib qo‘yardingiz? —  Javobi oson, avtomobil nomeri orqasiga marker bilan o‘zingizning yoki yaqinlaringizning telefon nomerini oldindan yozib qo‘ysangiz, tushib qoladigan bo‘lsa, nomerni topib olgan inson suyunchi olish uchun darrov sizga telefon qiladi. Yanada qiziqarli savollarga javob topmoqchi bo‘lsangiz, marhamat o‘zingizni sinab ko‘ring!»

Aslida, har bir insonda tabiatdan savollarga javob berishga moyillik bo‘ladi, mabodo berilgan savolga to‘g‘ri javob topsa, kelasi safar ham o‘zini sinab ko‘rishdan tortinmaydi.

— «Zakovat»ga yiliga 50 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Sizningcha bu mablag‘ «Zakovat»ga yangi bilimli yigit-qizlarni jalb qila oladimi? Zakovatchilar saviyasini oshirish uchun moliyaviy ko‘mak qanchalik zarur?

— Ha, jalb qila oladi. Ko‘p oilali, aniq bir kasb avloddan avlodga o‘tib keladigan olis tumandagi oilani tasavvur qiling. Bir kuni oila boshliqlari uchun kutilmaganda o‘g‘il yoki qiz, intellektual o‘yinlarda qatnashib, mukofot tariqasida 100 000 so‘m pul yoki qimmat sovg‘a yutib keldi. Aynan shu farzand ota-onasi nazdida o‘qishga o‘z kuchi bilan kirishi mumkinligiga ozroq bo‘lsa ham ishonchni o‘yg‘otadi. Aynan shu farzand ota-onasini oila an’anasiga qarshi borib unga ishonishib, o‘qishga kirish uchun imkoniyat yaratib berilganidan foydalanib, ko‘proq ilm olishiga turtki bo‘ladi. Ishonch uchun gohida yaxshi ko‘rinishdagi rag‘batlar ham kerak bo‘ladi, faxriy yorliq davrlari o‘tib ketdi, menimcha.

Blits

— Siz tug‘ilgan yilda qanday muhim tarixiy hodisa ro‘y bergan?

— Torontoda balandligi 553,3 metrni tashkil qiladigan dunyodagi eng baland turar bino, «CN Tower» televizion minorasi qad ko‘targan va ushbu rekord 31 yil davomida zabt etilmagan.

— Siz tug‘ilgan joyga qisqacha ta’rif bering.

— Har xil millat vakillari (o‘zbek, rus, tojik, tatar, afg‘on, yahudiy, turkman) birga inoq yashagan, ziyraklik va o‘z so‘zida turish qattiq hurmat qilinadigan, mahaliy aholi g‘urur bilan «Kichik Bombey» deb atashadigan, Surxondaryoning sanoati vaqtida yaxshi rivojlangan, eng ko‘p aholiga ega shaharlardan biri — Denov shahri.

— Maktab davridagi eng katta sho‘xligingiz.

— Deyarli kun ora mushtlashardim. Tishimam singan, ko‘zlarim ham bir necha bor ko‘kargan. Oldin mushtlashib, keyin qalin oshna bo‘lib ketardim. Xullas, o‘zimni xafa qildirmasdim.

— Ustozingizdan sizga omonat qolgan ibratli so‘zlar.

— O‘zim sevib o‘qiydigan har bir adibni o‘zimga ustoz deb bilaman. Bunday o‘gitlar ko‘p, eng yoqqani «Chantremore, kalamakatore!!!».

— Ish faoliyatingizda sizni nima ilhomlantiradi va zavq beradi?

— Go‘zal osmon, charaqlagan quyosh, yosh bolalarning kulgisi va achchiq qora kofe.

— Shaxs sifatida shakllanishingizda qaysi badiiy kitoblar va qaysi mualliflar muhim o‘rin egallagan?

— Bunday asarlar ko‘p va shaxs sifatida shakllanishim hali ham tugallamagan. O‘zimga yaqin tilda yozadigan adiblar shular: Shukur Xolmirza, Erkin A’zam, Edgar Alan Po, Konfutsiy, Artur Konan Doyl, Agata Kristi, O‘tkir Hoshimov, Mixail Bulgakov, Karel Chapek, Gabriel Garsiya Markes, Jorj Simenon, Anton Chexov, Onore de Balzak, O. Genri, O‘lmas Umarbekov, Jek London, Aleksandr Dyuma (ota), Yuriy Belyayev.

— Qaysi zamondoshingiz bilan suhbatlashishni xohlardingiz?

— Har qanday qiyinchiliklarga qaramay taslim bo‘lmaydigan obrazlarni gavdalantiradigan prodyuser, ssenarist va buyuk aktyor Jeki Chan.

— Qanday holatda o‘zingizga «men baxtliman» deb aytgansiz?

— Doimo aytaman. Masalan, to‘yib uxlab, turganimda achchiq qora kofe bo‘lsa.

— Agar siz haqingizda kitob yozilsa, unga qaysi satrlar epigraf bo‘lishini xohlaysiz.

— Birorta aqlli gapni ko‘chirib qo‘yamanda shu joyga. Masalan, «Ko‘pchilikka o‘xshamaganim uchun, kulgili ko‘rinardim. Menga esa boshqalarni bir-birlariga o‘xshashliklari kulgili ko‘rinardi. Tushunganim shuki, hammasi o‘tkinchi, qolur ibratli ishlar, mehr qolur, muhabbat qolur».

«Og‘ir paytda «Zakovat»ni tashlab ketish men uchun o‘zimga qilinayotgan xiyonat bo‘lardi» — Bobur Yoqubov

— Ilk bor qatnashgan ekran o‘yiningizni eslay olasizmi? O‘sha o‘yinda esda qolgan biror voqeani aytib bering.

— Ilk bor ekran o‘yinida o‘yinchi sifatida qatnashishim rejissyorlar jamoasi bilan bo‘lgan. Adashmasam Jahongir Qosimov o‘sha o‘yindan oldin betob bo‘lib qolib, qatnasha olmagan, keyin uning o‘rniga men qatnashgan edim. Jamoada Zulfiqor Musoqov, Nuriddin Qosimov, Oybek Veysal o‘g‘li, G‘anisher Rahmatullayev kabilar bor edi. O‘sha o‘yinda 6:4 hisobida yutganmiz. Men ham ikkita yoki uchta savolga javob topgandim.

Foto: Bobur Yoqubovning shaxsiy arxividan.

— «Zakovat»dan nima kutgan edingiz va natijada u sizga nimalar bera oldi?

— «Zakovat»ga dastlab qiziqish tufayli borgandim, aniqrog‘i o‘zimni sinab ko‘rish uchun. To‘g‘risini aytsam, «Zakovat»dan hech narsa kutmaganman. Lekin u menga ko‘p narsa berdi: o‘yindan olinadigan zavq, elga tanilish, eng asosiysi, sadoqatli do‘stlar orttirdim.

— So‘nggi yillarda «Zakovat» tanazzulga uchradi degan fikrlar ko‘p aytildi. Shu davrda ham o‘yinni tark etmasligingizga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?

— «Zakovat»da ekran o‘yinlari ayrim sabablar tufayli to‘xtatilgan bo‘lsada, klubimiz faoliyati to‘xtab qolmadi, hatto karantin davrida ham onlayn o‘yinlar tashkil etildi. Mening ketmasligimga sabab esa, shunaqa og‘ir payt kelganda «Zakovat»ni tashlab ketish men uchun o‘zimga qilinayotgan xiyonat bo‘lardi.

— «Zakovat»da sizning raqibingiz kim yoki nima?

— Bizning asosiy raqibimiz ham, eng ashaddiy muxlislarimiz ham teletomoshabinlar.

— Intellektual o‘yinlarni qaysi janrdagi filmga o‘xshatgan bo‘lardingiz?

— Detektiv.

— Siz uchun bilimdondagi eng muhim fazilatlar qaysi?

— Kamtarlik, keng dunyoqarash, fikrini qisqa tushuntira olish va boshqalarni eshita bilish.

— Qaysi bilimdonga havas qilasiz, undan nimalarni o‘rgangansiz?

— Rahmatli Farhod Akbarovga havas qilardim. Har taraflama mukammal inson edi.

— «Zakovat» tarixida eng yulduzli, eng yorqin bilimdon sifatida ko‘rsatuv muxlislari qaysi bilimdonni eslab qolishadi deb o‘ylaysiz?

— Yorqin bilimdonlar ko‘p. Muxlislar bilan gaplashganimda Saidkamol Abdurazzoqov, Jobir Axmedov, Furqat Qurbonovlarni ko‘proq gapirishadi.

— Sizningcha tomoshabinlar mehrini qozonish uchun bilimdonga qaysi xususiyatlar qo‘l keladi?

— Burni ko‘tarilib ketmasligining o‘zi yetarli menimcha. Albatta, bilimdan tashqari.

— Obro‘ topish va tanilishga bo‘lgan intilish bilimdonni o‘z ustida ko‘proq ishlashga undashi mumkinmi?

— Bu ham qaysidir ma’noda ta’sir ko‘rsatadi.

Chapdan o‘ngga: Umid Valiyev, Bobur Yoqubov, Abdurasul Abdullayev. Foto: «Zakovat» intellektual ko‘rsatuvi.

— «Zakovat» sizning shaxsiy hayotingizga va ish faoliyatingizga qanday ta’sir qilgan?

- Ko‘pchilikning tanishi ayrim holatlarda yordam beradi, lekin ko‘pincha qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi, odamlar nazarida ekanligimni his qilib turaman.

— O‘yinga tayyorgarliklar juda ko‘p vaqt talab qiladi, «shu vaqtni boshqa narsaga sarflasam foydaliroq bo‘lardi» degan xayollar bo‘lganmi?

— Bo‘lgan … Lekin afsuslanmayman.

— Ko‘pchilikni fikriga ko‘ra, hozirda yoshlar oldingiga nisbatan kamroq kitob o‘qishadi, sizningcha ham shundaymi?

— Bu bor gap.

— Intellektual o‘yinlarga zumer avlodini qanday vositalar orqali jalb qilish mumkin deb o‘ylaysiz? (Zumerlar yoki Z avlod — 90-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida tug‘ilganlarga nisbatan ishlatiladi)

— Menimcha asosan moliyaviy rag‘batlantirish orqali.

— «Zakovat»ga yiliga 50 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Sizningcha bu mablag‘ «Zakovat»ga yangi bilimli yigit-qizlarni jalb qila oladimi? Zakovatchilar saviyasini oshirish uchun moliyaviy ko‘mak qanchalik zarur?

— Bilimdonlar uchun savol topish zavqiga hech narsa yetmaydi, savol mualliflarini rag‘batlantirish esa juda muhim. Tomoshabinlarni jalb qilish uchun mualliflarga mukofot berish shart. Zero «Zakovat»ni ushlab turgan muhim ko‘rsatkichlardan biri sifatli savoldir.

Blits

— Siz tug‘ilgan yilda qanday muhim tarixiy hodisa ro‘y bergan?

— Indira Gandi qamalgan (Hindiston sobiq bosh vaziri — tahr.), Golda Meir (Isroil sobiq bosh vaziri — tahr.) vafot etgan, «Yulduzli tunlar» romani bobma-bob «Sharq yulduzi» jurnalida nashr etilgan.

— Siz tug‘ilgan joyga qisqacha ta’rif bering.

— Tog‘lar orasidagi xushmanzara qishloq.

— Maktab davridagi eng katta sho‘xligingiz.

— Paxta terimida «qo‘zg‘olon» ko‘targanmiz.

— Ustozingizdan sizga omonat qolgan ibratli so‘zlar.

— Yolg‘ondan uzoqroq bo‘l!

— Ish faoliyatingizda sizni nima ilhomlantiradi va zavq beradi?

— Ishxonadagi muhit.

— Shaxs sifatida shakllanishingizda qaysi badiiy kitoblar va qaysi mualliflar muhim o‘rin egallagan?

— Ular juda ko‘p…

— Qaysi zamondoshingiz bilan suhbatlashishni xohlardingiz?

— Ilon Mask bilan.

— Qanday holatda o‘zingizga «men baxtliman» deb aytgansiz?

— Ota-onam men bilan faxrlanishini aytganda.

— Agar siz haqingizda kitob yozilsa, unga qaysi satrlar epigraf bo‘lishini xohlaysiz.

— Sekinroq shoshil!

Saodat Umarova suhbatlashdi.