Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev u boshqarayotgan qo‘mita yalpi majlisda ko‘tarilgan G‘afur G‘ulom bog‘i masalasi yuzasidan o‘rganish olib borilishini ma’lum qildi. Bu haqda 17 dekabr kuni AOKA majlislar zalida Oliy Majlis Senatining 22-yalpi majlisi yakunlari yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ushbu holat bo‘yicha savolga Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov javob berdi.

«Shahar hokimining hisobotini eshitarkanmiz, biz ham unga birinchi o‘rinda G‘afur G‘ulom bog‘i haqida savol berdik. Maqsad — u yerda odamlar uchun dam olish imkoniyatlarini saqlab qolish. Hali u yerda shartnomalar bo‘lmagan, lekin shartnoma bo‘lgan taqdirda ham, birinchi masala parkda odamlar uchun dam olish imkoniyatlarini saqlab qolish bo‘ladi», — dedi senator.

Shuningdek, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev javobga qo‘shimcha qilib, u boshqarayotgan qo‘mitaga yalpi majlisda ko‘tarilgan mazkur masala yuzasidan o‘rganish olib borilishini bildirdi.

«Buni tez orada qo‘mitamiz bilan chiqib o‘rganamiz. Nega shuncha vaqtdan beri investor bog‘ rekonstruksiyasi bo‘yicha faoliyatini boshlagani yo‘q? Qarorda bu masala ham aksini topyapti. Biz bu masalani o‘rganib, albatta shahar sessiyasida muhokama qilamiz. Bundan keyin shahar hokimligining obyektlarni investorlarga berilishi bo‘yicha o‘ylab ish qilishini nazoratimizga olamiz», — deya ta’kidladi senator.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 avgustdagi farmoyishi va Toshkent hokimining 2019 yil 15 avgustdagi qarori (ikkala hujjat ham ochiq ma’lumotlar bazalarida mavjud emas) asosida G‘afur G‘ulom bog‘i BMP Smart Decision kompaniyasiga ijaraga berilgandi. Kompaniya investitsiya majburiyatlari qatorida modernizatsiya qilish va «jahon standartlariga javob beradigan» zamonaviy bog‘ barpo etishi lozim edi. 16 dekabr kuni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev G‘afur G‘ulom bog‘ini 49 yilga ijaraga olgan Singapurning BMP Smart Decision kompaniyasi investorlik majburiyatlarini bajarmaganini aytdi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, BMP Smart Decision kompaniyasi 2019 yil 13 fevral kuni ustav fondi 1000 singapur dollari (729 dollar atrofida) bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Asosiy faoliyat turi — boshqa qurilish obyektlarini, (o‘yin majmualari), ikkinchi darajali faoliyati esa — mavzuli bog‘larni bunyod etishdan iborat. Singapur kompaniyasi asoschisi Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik Sherzod Xalimov bo‘lib chiqdi.