AQShda taniqli olima, jamoat arbobi, Sharof Rashidovning qizi Svetlana Rashidova 70 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Tashkent Retrospective Facebook-sahifada xabar qilindi.

Svetlana Rashidova 1952 yil 1 martda Toshkentda O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov xonadonida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining roman-german fakultetini tamomlagan. Moskva davlat universitetida chet el adabiyoti fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Toshkent davlat universitetining roman-german fakultetida dotsent lavozimida ishlagan.

Uning turmush o‘rtog‘i Alisher Vohidov 1994 yilda O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangan, 1997−2008 yillarda esa O‘zbekistonning BMTdagi elchisi, doimiy vakili bo‘lgan.

Svetlana Sharafovna Nyu-Yorkda BMT huzuridagi diplomatlar oilalari a’zolari bilan ishlash bo‘yicha Nospitality Committee for UN Delegations vitse-prezidenti sifatida jamoatchilik ishlarida faol bo‘lgan. Umrining so‘nggi yillarida betob bo‘lib, 14 dekabr kuni hayotdan ko‘z yumdi.