2022−2026 yillarda Toshkentda 123,7 ming o‘rinli 30 ta maktab qurish rejalashtirilgan, bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali prezident Shavkat Mirziyoyevning 11 dekabr kuni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumaniga tashrifiga bag‘ishlangan lavhasida ma’lum qildi. Ammo bu sinflarda joy yetishmasligi muammosini hal qilish uchun etarli emas.

Davlat rahbariga namoyish etilgan taqdimotda aytilishicha, hozir poytaxtda maktabda bir o‘ringa o‘rtacha 1,4 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Joriy o‘quv yilida 25 ta umumta’lim maktabi quvvat koeffitsiyenti 2,1 dan ortiq (har bir o‘ringa 2,1 o‘quvchi) holda faoliyat yuritmoqda. Ba’zi hududlarda vaziyat yanada yomonroq. Bektemir tumanida sinflarning to‘lganlik darajasi o‘rtacha 1,7, Yunusobodda — 1,6, Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida — 1,5 ni tashkil etadi.

Foto: «O‘zbekiston 24».

2022−2026 yillarda Toshkentda 123,7 ming o‘rinli 30 ta maktab qurish, shuningdek, 60 ta maktabni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

2021 yil holatiga ko‘ra, maktablarning sig‘imi 332 ming o‘rinni tashkil etadi, biroq ularda 470 ming bola tahsil oladi. 2025 yilda maktablar sig‘imi 455 ming o‘ringa, o‘quvchilar soni esa 550 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Koeffitsiyent 1,2 ga tushadi.

Oliy Majlis Senatining 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida senatorlar Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga yaqin yillarda maktab o‘quvchilari soni yarim milliondandan oshishini hisobga olib, to‘lib-toshgan sinfxonalar muammosini qanday hal qilish rejalashtirilganligini so‘radilar.

Hokimning aytishicha, bu so‘nggi yillardagi eng dolzarb muammolardan biri.

«To‘g‘ri, bir yil, ikki yilda bu muammoni yechib olish qiyin, lekin fuqarolarimiz kutib turmaydi. Farzandlarimiz o‘qimasdan imkoniyati yo‘q. Biz hozir oldimizga loyiha sifatida qator maqsadlar qo‘yganmiz. Loyihalardan biri shuki, o‘sha maktablar atrofida xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilgan binolar bor. Ular bo‘sh turibdi va ijara sifatida berish mumkin. Agar lozim bo‘lsa, balki o‘sha binolardan ijaraga olib, davlat bilan ikki, uch, to‘rt, besh yil kelishib, katta sinflarni o‘sha yerlarda o‘qitib, bu vaziyatdan chetroq chiqib ketish imkoniyatimiz bo‘ladi», — dedi u.

Bunda Jahongir Ortiqxo‘jayev muammoni yechish bo‘yicha aniq yechimlar keyinroq taqdim etilishini ma’lum qildi.

«Davlatimiz yanada oyoqqa turib, yanada puli ko‘payganida yanagi yillarda balki 20−30 tadan maktab qurishga balki imkoniyatimiz yetar. Unga qadar bugun o‘qitish yo‘llarini ushbu loyihalar misolida ko‘ryapmiz, lekin bu anig‘ini hozir ayta olmayman. Yangi yildan keyin ma’lum bo‘ladi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, noyabrda prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda davlat tomonidan 410 mlrd so‘mlik 40 tamaktab qurish rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgan edi. «Gazeta.uz"buning o‘tgan yilgidan deyarli ikki baravar ko‘pligi, ammo maktablarda joy yetishmasligi muammosini hal qilish uchun hali ham halokatli darajada yetarli emasligi haqida yozdi.