Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdan tashqari hay’at yig‘ilishida markaziy apparati xodimlarining 40 foizi o‘z vazifasidan ozod etildi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Yig‘ilishda oxirgi paytlarda SSVga tibbiyot sohasi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushayotgani ta’kidlandi. 11 oy davomida jami murojaatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 12 mingtaga oshib, 57,6 mingtani tashkil etdi. Ularning aksariyati sifatsiz tibbiy yordam bilan bog‘liq masalalar ekani aytildi.

«Chunki tizimda hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar ko‘p. Ayniqsa, aksariyat hududlarda tibbiy xizmat sifati hanuz talab darajasida emas. Sohada byurokratik to‘siqlar va korrupsion holatlar, afsuski, saqlanib turibdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarda mutasaddilar hamda jamoatchilik vakillari bilan muloqotlarda bu haqda qayta-qayta to‘xtalib o‘tmoqda», — deyiladi xabarda.

SSVning qayd etishicha, aholi ko‘p hollarda joylarning o‘zida hal bo‘lishi mumkin bo‘lgan oddiy masalalar uchun ham prezidentning virtual va Xalq qabulxonalari, bosh vazirning virtual qabulxonasi, bosh prokuratura va boshqa mas’ul idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Tibbiyotda davlat xususiy sherikchilik munosabatlari, tibbiy sug‘urta, litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish, sohani raqamlashtirish yo‘nalishlarida ishlar yetarli darajada tashkil qilinmanganligi tufayli ko‘zlangan natijalarga erishilmayotgani ta’kidlandi.

«Bularning barchasi sog‘liqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida bugungi zamon talablariga mos, yangicha fikrlovchi, tashabbuskor, muammoli masalalar yechimiga professional va kreativ yondashadigan kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq», — deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik doirasida boshlangan kadrlarni yangilash islohoti kelgusida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari, umuman, mamlakatdagi barcha davolash-profilaktika muassasalarini qamrab olishi kutilmoqda. Mazkur jarayonda aholidan kelib tushayotgan e’tiroz va shikoyatlar asosiy mezon bo‘ladi.

SSV markaziy apparatida davlat budjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining maksimal soni 139 birlikni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin SSV tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari hozirda 26 turdagi jurnal va 33 turdagi hisobot shakllari, qolaversa, bemorlar uchun o‘nlab turdagi blanklarni to‘ldirishga majbur bo‘layotgani haqida xabar berilgandi.