«Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi, deya xabar bermoqda Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Qonun loyihasining maqsadi quyidagilardan iborat ekani ko‘rsatilgan:

  • tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlarni qonun darajasida mustahkamlash;
  • xalqaro hujjatlardagi qoidalarning, xususan, majburiy mehnatga, migrantlarning sog‘lig‘iga ziyon yetkazuvchi sharoitlarda ishlash uchun jalb etishga yo‘l qo‘ymaslik kabi qoidalarni milliy qonunga implementatsiya qilish;
  • tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatlarini belgilash;
  • fuqarolarning mamlakat tashqarisidagi faoliyatini tashkil etish, ularni uyushgan holda ishga joylashtirish hamda chet ellik fuqarolarni O‘zbekistonda mehnat qilish uchun jalb etishning huquqiy mexanizmlarini belgilash.

Shu bilan birga, qonun loyihasida mehnat migrantlarining daromadlari ikki tomonlama soliqqa tortilmasligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, ushbu qonun loyihasida hukumat va vakolatli davlat organlariga mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sharoitlarini yaxshilash borasida choralar ko‘rish vazifasi yuklatilayotgani qayd etildi.

Avvalroq, 2022 yilda Moskvada mehnat migrantlari uchun patent narxi oshishi kutilayotgani haqida ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, Moskvada mehnat migrantlari uchun patent narxi oyiga 5341 rubldan yoki 770,9 ming so‘mdan (O‘zbekiston Markaziy Bankining 2021 yil 25 noyabrdagi kursi bo‘yicha) 5900 rubl yoki 851,6 ming so‘mgacha oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda prezidentlik saylovlaridan oldin O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev «Milliy Tiklanish» partiyasi nomzodi Alisher Qodirovning mamlakat taraqqiyoti uchun migrantlarning soliq to‘lashi kerakligi haqidagi taklifini tanqid ostiga olib, migrantlarning faoliyati soliqqa tortiladigan daromadga kirmasligini aytib o‘tgandi.