Buyuk Britaniyada koronavirusning omikron shtammiga chalinish oqibatida birinchi o‘lim holati qayd etildi

Buyuk Britaniyada koronavirusning omikron shtammi bilan kasallangan erkak vafot etdi, deya ma’lum qildi bosh vazir Boris Jonson. Bu holat ushbu shtamm bilan kasallangan bemorning birinchi qayd etilgan o‘limi hisoblanadi. Bu haqda Kommersant’ xabar berdi.

«Afsuski, omikron bilan zaharlanish bemorni kasalxonaga yotqizishga olib keladi va ming afsuski, kamida bitta bemor vafot etdi», — dedi jurnalistlarga Jonson Londondagi emlash markaziga tashrifidan keyin. Koronavirusning ushbu variantini yuqtirgan birinchi odam vafot etgani munosabati bilan Buyuk Britaniya bosh vaziri qayta emlanishga chaqirdi.


Ilon Mask Time jurnali versiyasiga ko‘ra «yil odami» deb topildi

Time jurnali muharrirlari yil odami sifatida Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Maskni tanladi. Bu haqda TASS xabar berdi.

«Bu odam Yer sayyorasidagi hayotga va uzoq muddatda undan tashqaridagi hayotga favqulodda ta’sir ko‘rsatadi. Iqlim o‘zgarishining ekzistensial inqirozidan, tengsizlik muammolaridan tortib, mumkin bo‘lgan yangi chegaralargacha, hech kim bu yilgi mavzularni 2021 yil odami — Ilon Maskdan yaxshiroq o‘zida mujassam etgani yo‘q», — dedi bosh muharrir Edvard Felzental.

«Ilon Maskni Amerika jamiyatida hayotning barcha jabhalarida mashhurligi tufayli tanimaslik deyarli mumkin emas. Uning raketa uchirish bozorida hukmronlik qiladigan kosmik kompaniyasi bor, uning elektromobillar bozorida hukmronlik qiladigan avtomobil kompaniyasi bor. Twitter’da 65 million obunachini o‘zining g‘alati hazillari bilan zavqlantiradi», — dedi jurnal xodimi Molli Ball.


Shvetsiya qirg‘oqlarida ikkita yuk kemasi to‘qnashib ketdi

Boltiq dengizida Istad (Shvetsiya) va Bornholm (Daniya) shaharlari o‘rtasida ikkita yuk kemasi to‘qnashib ketdi, deb xabar bermoqda Kommersant’ mamlakat dengiz ma’muriyati ma’lumotlariga tayanib.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kemalardan biri ag‘darilib ketgan. Hozirda kamida ikki kishini qidirish ishlari olib borilmoqda. Qidiruv ishlariga bir necha vertolyot va Britaniya kemasi jalb etilgan. Qayd etilishicha, bitta kema Daniyada, ikkinchisi Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan. Kema bortida qancha odam bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagan.


Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya urushni tugatish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi

Shimoliy va Janubiy Koreya, AQSh va Xitoy tinchlik shartnomasini imzolashga prinsipial ravishda kelishib oldi, dedi Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In. Bu haqda BBC ma’lum qildi.

Ammo Shimoliy Koreya talablari tufayli muzokaralar hali boshlanmadi, deya qo‘shimcha qildi u.

1950 yildan 1953 yilgacha davom etgan Koreya urushi yarim orolni ikkiga bo‘ldi. Shimoliy va Janubiy Koreya o‘shandan beri texnik jihatdan urush holatida bo‘lgan — mos ravishda Xitoy va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va keskin munosabatlar saqlanib qolgandi.

Shimol bilan aloqani o‘z prezidentligining poydevoriga aylantirgan Mun Chje In uzoq vaqtdan beri mojaroning yakuni bo‘yicha rasmiy deklaratsiyani yoqlab keladi. Ammo kuzatuvchilar bunga erishish juda qiyin bo‘ladi, deb hisoblashini aytgan.


AQShda COVID-19 tufayli o‘lim holatlari 800 mingga yaqinlashdi

AQShda koronavirus bilan bog‘liq o‘limlar soni 800 mingga yetdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Vaksinalar erkin mavjud bo‘lsa ham, delta shtammining yanada yuqumli varianti va odamlarning COVID-19 ga qarshi emlashdan bosh tortishi tufayli mamlakat bu yil virusdan 2020 yilga qaraganda ko‘proq odamni yo‘qotdi.

Shuningdek, 11 dekabr kuni AQShning Kentukki shtatida eng kuchli tornado sodir bo‘ldi, deb yozadi TASS. Shtatning g‘arbiy qismida joylashgan Meyfild shahri eng ko‘p jabr ko‘rdi. Tabiiy ofat Missuri, Arkanzas, Illinoys va Tennessi shtatlariga ham ta’sir ko‘rsatdi.

Barcha jabrlangan shtatlarda qurbonlarning umumiy soni 90 kishidan oshdi. Arkanzas shtatining Monet shahrida qariyalar uyining qisman vayron bo‘lishi oqibatida kamida 2 kishi halok bo‘ldi, 5 kishi yaralandi va yana 20 kishi vayronalar ostida qolayotgani aytildi.