sentabr boshida Surxondaryo viloyatida To‘palang suv omboridan magistral suv quvurini yotqizish yo‘li bilan aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani amalga oshirish boshlandi. Uning qurilishini prezident Shavkat Mirziyoyev 1−2 iyun kunlari tashrifi chog‘ida ma’lum qilgandi.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Avgustda «O‘zbekgidroenergo» kompaniyasi boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov prezidentga taqdimot qilgan loyihaga ko‘ra, suv omborining pastki qismida suv bosimini pasaytirish, suvni tozalash va tarqatish uchun inshootlar qurish rejalashtirilgan bo‘lib, undan suv taqsimlish uzellariga qadar 361 km quvurlar o‘rnatiladi.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Qurilish natijasida Sariosiyo, Denov, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Temiz shahridagi 1,7 mln aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.

Prezident innovatsion deb atagan loyihaning umumiy qiymati 138 mln dollarga baholanib, uni 2023 yilda (dastlab 2024 yilda deyilgan edi) ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Loyihani kim amalga oshiradi?


Avvalroq, «Gazeta.uz» loyihaning bosh buyurtmachisi — «O‘zsuvta’minot», bosh loyihachisi — «Gidroloyiha», bosh pudratchisi — To’palang HPD Platinum ekanligi haqida yozgan edi.

Davlat xaridlari portali ma’lumotlariga asosan loyihaning bosh loyihachisi va bosh pudratchisi tendersiz aniqlangan.

2021 yil 19 iyul kuni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasiga (PDF) muvofiq, «O‘zbekgidroenergo» tizimiga kiruvchi «Gidroloyiha» loyiha-qidiruv tashkiloti sifatida tanlangan.


Sariosiyo tumanida loyihani ishga tushirish marosimida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, viloyat hokimi To‘ra Bobolov, «O‘zbekgidroenergo» rahbari, senator Abdug‘ani Sanginov, aloqador vazirlik va idoralar, viloyat, shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, soha mutaxassislari qatnashgandi. Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi.

Kompaniya topografik, muhandislik-geoloik va geofizik ishlarni o‘z ichiga olgan muhandislik-texnik tadqiqotlar olib borishi, loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitobini, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishi kerak. «Gidroloyiha» xizmatlari qiymati 60,3 mlrd so‘mga, chegirma bilan esa 40 mlrd so‘mga baholangan. Birinchi yilda kompaniya tasdiqlangan limit doirasida 9 mlrd so‘m olishi kerak.

Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun shartnoma qismining nusxasi. Manba: Davlat xaridlari portali.

Ta’kidlash joiz, ishlarni baholash vaqtida loyihaning taxminiy qiymati 1,06 trln so‘m hisobga olingan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 19 iyuldagi yig‘ilish bayoniga ko‘ra, texnik-iqtisodiy hisob-kitob va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun 20 mlrd so‘m ajratildi va ular 3 kun ichida o‘tkazib berilishi lozim bo‘lgan.

To’palang HPD Platinum Vazirlar Mahkamasining 18 avgustdagi (XDFU — xizmat davomida foydalanish uchun shaklidagi) qarori bilan loyihaning bosh pudratchisi etib tanlangan.

Kompaniya bilan shartnoma 20 avgust kuni imzolangan (davlat xaridlari portalida hujjatni topishning iloji bo‘lmadi). Shunga qaramasdan, 6 dekabr kuni imzolangan qo‘shimcha kelishuvga ko‘ra, 2021 yil doirasidagi shartnomaning umumiy ishlar qiymati 527,6 mlrd so‘mni, shu jumladan, Rossiyadan olib kelinadigan po‘lat quvurlarning qiymati 317,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Bosh pudratchi umumiy qilinadigan ishlarning 30 foizi — 175,8 mlrd so‘m miqdorida avans olgan, qolaversa, quvurlarni xarid qilish uchun 317,6 mlrd so‘m avansni qo‘lga kiritgan.

Quvurlar qurilishini moliyalashtirish manbai sifatida davlat budjeti ko‘rsatilgan.


Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi.

Avvalroq uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Xidoyatov loyihalash ishlariga turkiyalik mutaxassislar jalb qilinishi haqida ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha bir necha qismlarga ajratiladi va suvni yetkazib berish tumanlarga suv quvurlari yotqizilishi bilan boshlanadi.

Korxona va tashkilotlarning yagoda davlat reyestriga muvofiq, To’palang HPD Holding ta’sischisi va direktori (61,7%) Islom Abdug‘aniyevich Abduraxmonov hisoblanadi, u «O‘zbekgidroenergo» rahbari Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li. Ta’sischilar qatorida — Naimjon Jumayev (10,5%), Karimjon Ro‘ziyev (7,1%), Saidumar Xolov (4,2%) va yana 22 nafar jismoniy shaxslar (16,5%) mavjud.


Islom Abduraxmanov taqsimlash muhandislik inshootlari qurilishi bilan shug‘ullanuvchi Zafis-Avto Plus (100%) va Varis Business Complex (70%, ovqatlanish tashkilotlarining boshqa turlari) kompaniyalarida ulushlarga egalik qiladi.

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunning 64-moddasiga muvofiq, tender quyidagi shartlar bir vaqtning o‘zida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:

  • g‘olibni aniqlash mezonlari tovarning (ishning, xizmatning) nafaqat pul bilan baholanishini, balki miqdoriy va sifat jihatidan baholanishini ham o‘z ichiga oladi;
  • tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha BHMning 25 ming baravari yoki 6,75 mlrd so‘mdan ortiq (budjet buyurtmachilari uchun BHMning 6 ming baravari yoki 1,62 mlrd so‘mdan ortiq) miqdorni tashkil etadi.

Shunga qaramasdan, O‘zbekiston prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining qaror va farmonlari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirishga ruxsat etilgan (71 modda). Mazkur holatda shartnoma va shartnomaga oid qo‘shimcha kelishuvlar Kompleks ekspertiza qilish markazida kompleks ekspertizadan o‘tkazilishi lozim.