Pfizer-BioNTech kompaniyasi koronavirusning yangi Omicron shtammidan himoya qila oladigan uchinchi-buster doza ustida ishlamoqda. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lumot berildi.

Dastlabki laboratoriya tadqiqotiga ko‘ra, uchinchi doza bilan emlash antitanachalar himoyasini dastlabki ikki dozadan 25 baravar oshiradi. Qayd etilishicha, Pfizer-BioNTech vaksinasining uchinchi dozasi Omicron`dan himoya qila oladi.

Kompaniyalar Omicron`ga qarshi maxsus vaksina ustida ishlashni davom ettirmoqda va agar himoya darajasini va davomiyligini oshirish zarur bo‘lsa, yangi dozani mart oyida ishlab chiqarishni boshlashlari mumkin. Ma’lum qilinishicha, Pfizer-BioNTech 2022 yilda Omicron’ga qarshi 4 milliard buster doza vaksina ishlab chiqarishga tayyor.

«Vaksinaning ikki dozasi Omicron sabab yuzaga kelgan og‘ir holatlaridan himoya qilishi mumkin bo‘lsa-da, dastlabki ma’lumotlar asosida vaksinaning uchinchi dozasi himoyani yanada yaxshilaganligi aniqlandi, — dedi Pfizer kompaniyasi bosh direktori Albert Burla. — Iloji boricha ko‘proq odamni dastlabki ikki doza bilan to‘liq emlashni ta’minlash va qayta vaksinalash COVID-19 tarqalishining oldini olishning eng yaxshi usuli bo‘lib qolmoqda».

Ushbu natijalar dastlabki xulosalar bo‘lsa-da, kompaniyalar Omicron`ga qarshi himoyani baholash, tasdiqlash va eng samarali usulni aniqlash uchun ko‘proq laboratoriya ma’lumotlarini to‘plashni davom ettirmoqda.

25 noyabr kuni kompaniyalar koronavirusning Omicron shtammiga qarshi vaksina ustida ish boshlashgandi. Ishlab chiqarish, rejalashtirilganidek, Omicron`dan himoya qilish darajasini va davomiyligini oshirish zarur bo‘lganda yo‘lga qo‘yiladi. Mutasaddi tashkilotlar ruxsat berganidan so‘ng, kompaniyalar vaksinani ishlab chiqarishni boshlashga va 100 kun ichida yetkazib berishga tayyor ekanligini bildirgan.