6 dekabr kuni Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berishicha, oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortib, O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangragan.

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev faxriy qorovul oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdi.

So‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda yetakchilar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston sherikligiga doir keng ko‘lamli masalalarni, shu jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni ko‘rib chiqdilar, xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashdi, deyiladi xabarda.


Qozog‘iston prezidenti ushbu uchrashuvning muhim ahamiyatini alohida qayd etdi.

«Hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishda ushbu voqea juda muhim. Bugun imzolanadigan hujjatlar sherikligimizga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi. Mamlakatlarimiz hukumatlariga belgilangan maqsadlarga erishish uchun sa’y-harakatlarni jadallashtirish topshirig‘ini berdik. O‘ylaymizki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi», — dedi Qosim-Jomart Toqayev.

O‘zbekiston rahbari taklif uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv Qozog‘iston mustaqilligining 30 yilligi arafasida o‘tayotganini ta’kidladi hamda O‘zbekiston xalqi nomidan birodar qozoq xalqini ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabrikladi, tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va yangi zafarlar tiladi.


Birinchi prezident — Elboshi Nursulton Nazarboyev boshlagan katta bunyodkorlik ishlari bugungi kunda Qosim-Jomart Toqayev rahbarligida davom ettirilayotgani va Qozog‘iston barqaror taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi ikki birodar davlat o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining rivojlanish sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdi.

«O‘zbekiston va Qozog‘iston — tabiiy iqtisodiy hamkorlar. Iqtisodiyotlarimiz raqobat qilmaydi, bir-birini to‘ldirib turadi. O‘zaro savdo ortmoqda. Joriy yilda tovar ayirboshlash rekord daraja — 4 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. Avtomobilda va temir yo‘llari orqali yuk tashish hajmlari oshmoqda. Aviaqatnovlar to‘liq qayta tiklandi, yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. Yetakchi korxonalarimiz kooperatsiyani muvaffaqiyatli kengaytirmoqda. Keyingi yillarda iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida qo‘shma korxona va loyihalar soni 6 barobarga oshdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotgani, bunda mamlakatlar hududlari va tadbirkorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlangan.

O‘zbekiston prezidentining tashrifi arafasida Turkiston shahrida bosh vazirlar raisligida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Hududlar forumi o‘tdi.

Kuni kecha Qozog‘iston poytaxtida qo‘shma biznes-forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushu tadbirlar natijasida jami 6 mlrd dollarlik kelishuv va shartnomalar imzolandi.

Keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni 6 barobarga oshdi. Kostanayda avtomobil, avtobus va qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.


Ta’kidlanishicha, pandemiya davrida ikki birodar xalq bir-biriga yordam berib kelgan.

Gumanitar sohadagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Qayta tiklangan Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida qozoq kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shu hafta Qozog‘iston poytaxtida o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston BMT, MDH, SHHT, IHT, Turkiy tilli davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda.

«Bugun ikki tomonlama strategik sherikligimizni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilamiz. Bu nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqaning izchil taraqqiyoti, barqarorligi va ravnaqi uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘ladi», — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Yetakchilar mintaqa va xalqaro kun tartibining tomonlarni qiziqtirgan dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.